
Vasiliy Lomachenko-Devin Xeyni jangida kim g‘alaba qozonadi? (So‘rovnoma 2-qism)
20 may kuni professional boks olamida yana bir super jangning guvohiga aylanamiz. Engil vazn (61,2 kg) vazn toifasidagi mutlaq chempion Devin Xeyni chempionlik kamarlarini ukrainalik sobiq chempion Vasiliy Lomachenkoda himoya qiladi. Biz ushbu jang borasida o‘zbekistonlik boks olami vakillarining fikri bilan qiziqib, uning 1-qismini e’tiboringizga havola etgandik. Endi, 2-qismini taqdim etamiz.
Akrom Shadixodjaev – Lift promouterlik kompaniyasi mutasaddisi
- Qiziqarli jang bo‘ladi. Bu Lomachenko uchun so‘ngi imkoniyat bo‘lishi mumkin. Shuning uchun u tish-tirnog‘igacha qarshilik ko‘rsatadi. Umuman olganda imkoniyatlarni teng deya baholagan bo‘lardim.
Alisher To‘ychiev – murabbiy
- Vasiliy Lomachenko boks olamida juda katta nom sanaladi. U o‘sha Teofimo Lopesdan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin kerakli xulosani chiqara olgan. Xeyni ham mutlaq chempion va juda yaxshi bokschi hisoblanadi. Qaysidir jihatdan Lomachenkoga noqulay raqib deb o‘ylayman. Shunday bo‘lsa-da Lomaga muxlislik qilamiz va u g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman.
Bahodir Erkaev –murabbiy
- Vasiliy Lomachenkoning janglarida har doim zavq olganmiz. U havaskor boksda ham mukammal jangchi bo‘lgan. Professionalda ham ajoyib natijalarni qayd etdi. Endi yosh o‘z ta’sirini o‘tkazmasa, u Xeynini mag‘lub etishga qodir. Biroq, barchasi tayyorgarlik qanday bo‘lganligiga bog‘liq. Albatta, Lomachenkoga muxlislik qilaman va u g‘alaba qozonsa kerak, deb o‘ylayman.
Abdurasul Ismoilov – bokschi
- Bu jang engil vazn toifasidagi eng kuchli va muhim to‘qnashuv. Lomachenkoni hammamiz yaxshi bilamizki tezligi, oyoq harakatlari juda yuqori darajada, lekin bu erda yosh faktori bor. Xeyni esa yosh va kuchga to‘lgan vaqti, bir so‘z bilan aytganda eng yuqori jismoniy holatga ega. Shunday bo‘lsa-da bu erda kimnidir ustun deyish qiyin. Imkoniyatlarni 50/50 degan bo‘lardim. Ammo jangda Lomaga muxlislik qilaman.
Muhammadsalim Sotvoldiev – bokschi
- Menimcha bu jangga bo‘lgan qiziqish butunjahonda yuqori bo‘lsa kerak. Biz Lomachenkoning janglariga havas qilganmiz va unga muxlislik qilamiz. Lomachenkoning yoshi biroz o‘tgan bo‘lishi mumkin. Biroq, u boksda uddalab bo‘lmas ishni ham amalga oshirishi mumkindek taassurot uyg‘otadi. Xeyniga gap-so‘z bo‘lishi mumkinmas. U engil vaznda yaqqol dominant deyishim mukin. Ammo, Loma baribir jiddiy raqib bo‘ladi. Imkoniyatlarni 50/50 degan bo‘lardim.
Fikrlar