
Xoland nega 9,5 yillik shartnoma tuzganini aytdi
“Manchester Siti” rahbariyati jamoaning etakchi to‘purari Erling Xolandni uzoq muddatli shartnomaga ko‘ndirdi.
Tomonlar 2022 yilning yozida boshlangan hamkorlikni 2034 yilgacha uzaytirishdi. Yangi kelishuvga ko‘ra, Xoland klubda eng katta maosh oladigan o‘yinchiga aylanadi.
24 yoshli futbolchi 9,5 yillik shartnomaga imzo chekkani sababini kelajagidan xotirjam tarzda to‘p tepish istagi bilan izohladi.
- Endi bor e’tiborimni o‘zimni yanada kuchaytirishga qaratish imkoniga ega bo‘lganimga qarataman. Chunki bu erda uzoq qolishim aniqligini bilaman. Men diqqat-e’tiborimni yaxshi o‘ynash va imkoniyatlarimni yanada oshirishga qaratganman. Odamlat talabchan bo‘lishini va menga bosim o‘tkazishini yaxshi ko‘raman, - dedi Erling Xoland.
“Shaharliklar”ning bugungi kundagi eng zo‘r to‘purari Norvegiyaning “Bryune” va “Molde” klublaridan etishib chiqqan. Bir yil Avstriyaning “Zaltsburg” jamoasida to‘p tepganidan keyin 2020 yilning yanvarida uni “Borussiya Dortmund” o‘z safiga qo‘shib oldi.
Mohir to‘purar Angliya Premer-ligasiga 2022 yilning yozida ko‘chib o‘tdi. Xoland hozirga qadar klublar miqyosidagi musobaqalarda jami 309 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 246 ta gol va 51 ta assist yozdirib qo‘ygan.
Bundan tashqari, mohir to‘purar xalqaro miqyosida ham tinimsiz gol urmoqda. Erling Norvegiya milliy terma jamoasi safida 39 ta o‘yinda qatnashib, raqiblar darvozasini 38 marotaba ishg‘ol qilgan.
Fikrlar