
"Xorazm" syurpriz bo‘ladimi yoxud Hakim Fuzaylov ikkita g‘alaba, taqvim va tarkib haqida
15 yildan so‘ng Superligaga qaytgan “Xorazm” klubi startni omadli boshladi. Birinchi turda “Sho‘rtan”ni 2:0 hisobida mag‘lub etgan urganchliklar ikkinchi turda Termizda “Surxon”ni ham 2:0 natijasi bilan engishga muvaffaq bo‘ldi.
Ko‘pchilik Hakim Fuzaylov boshqaruvidagi jamoadan bunday startni kutmagani rost. Ikki turdan keyin “Xorazm” musobaqa jadvalida peshqadam bo‘lib turibdi.
Sports.uz jurnalisti “Xorazm” ustoziga bir qator savollar bilan murojaat qildi.
- Hakim Qayumovich, "Xorazm" klubi Superligani ketma-ket ikkita - 2:0 hisobidagi g‘alabalar bilan boshladi. Ayting-chi, bunday startni kutganmidingiz?
- Yo‘q, albatta kutmagandim. Shuning uchun bizning futbolchilar uchun juda xursandman. Ortda qolgan o‘yinlarda o‘z irodasi, xarakteri va professionalizmni ko‘rsatishganidan nihoyatda mamnunman. Men butun jamoamiz uchun ularning o‘z ishiga bo‘lgan sadoqat va halol munosabatidan xursand bo‘lyapman.
- Termizdagi ochilish o‘yinida "Surxon"ni mag‘lub etdingiz. Vaholanki, ko‘pchilik "Surxon"ning g‘alabasini kutgandi. O‘yin haqida fikringiz qanday?
- “Surxon”ning o‘yinini mukammal o‘rgangandik. Ularning kuchli va kuchsiz taraflarini bilardik. Ko‘p narsa amalga oshdi. Ammo xatolar ham ko‘p bo‘ldi. Asosiysi, yutdik va xatolarimiz ustida ishlashni davom ettiramiz.
- Pro ligadan Superligaga qaytgan "Xorazm" syurpriz jamoa bo‘ladimi?
- Hozir bu to‘g‘risida gapirish qiyin. Bor-yo‘g‘i ikkita tur o‘ynadik. Bu haqida birinchi davra yakuniga yaqin o‘ylaymiz.
- FIFA kunlari boshlandi. Jamoaning tayyorgarlik rejasi qanday?
- 2-3 kun dam olish va shundan so‘ng keyingi turga tayyorgarlik ko‘ramiz.
- "Xorazm" 3-turda "Buxoro", keyin "Qizilqum" bilan o‘ynaydi. Nima deb o‘ylaysiz, kalendar "Xorazm" uchun omadli keldi, shundaymi?
- Taqvim bizga omadli keldimi yoki omadsizmi, aytish qiyin. Baribir har bir jamoa bilan o‘ynashga to‘g‘ri keladi.
- Tarkibga ko‘plab yangi futbolchilar taklif qilindi. Jamoa siz xohlagandek yig‘ildimi?
- Jamoamiz tarkibini jiddiy o‘zgartirdik. Tajribali, sovrin yutgan o‘yinchilar bilan birga yosh iqtidorli futbolchilar bor. Murabbiylarga har doim biror narsa etmayotgandek tuyuladi. Asosiysi, tajriba, iqtidor va professonalizm. Undan ham muhimi tartib-intizomga qat’iy amal qilishidir.
Fikrlar