"Yanada orqaroqqa". So‘nggi o‘ringa tushib qolgan "Dinamo" tarkibida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

  • 14 iyun, 2022, 16:16
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada yaqqol autsayder Samarqandning “Dinamo” klubiga tegishli. Ular 14 ta jamoa orasida oxirgi o‘rinda. O‘tgan yili pro ligada muvaffaqiyatli qatnashib, kuchlilar orasiga qaytgan jamoa qishda ancha selektsiya ishlarini olib borgandi. Murabbiylar shtabi ham Serbiyadan olib kelindi. “Dinamo”ni kuchaytiryapmiz deb o‘ylashdi va buni natijalarda ham aks ettirish klubning asosiy vazifasiga aylangandi. Ammo 10 ta uchrashuvda klub bor-yo‘g‘i 6 ochko jamg‘ardi.

Predrag Rogan “Dinamo”ga bosh murabbiy etib tayinlanganida bu erga katta maqsadlar bilan kelganini aytgandi. Tarkibga mahalliy o‘yinchilar bilan birga legionerlarni ham olib keldi. Yangi murabbiy yangi mamlakat va yangi chempionatga moslashishi lozim edi. Shu sababli o‘zining qarashlaridan kelib chiqib jamoa o‘yinini qurishga kirishdi. Albatta, unga vaqt kerakligi o‘zi shundoq ham oldindan ma’lum edi. Boisi, “Dinamo”da istalgan murabbiy birdaniga nimadir qilib yuborishi o‘ta murakkab masala.

dinamo4_3

Superliga debyutanti uchun kutilganidek chempionat qiyin boshlandi. Ilk turlarda “Paxtakor” bilan “So‘g‘diyona”ga mag‘lubiyatga uchradi. Ilk ochkosini 3-turda “Qizilqum”ga qarshi o‘yinda qo‘lga kiritdi. Samarqanddagi bahda hisob ochilmadi – 0:0. Hozircha yagona bo‘lib turgan g‘alabasini esa 5-turda nishonladi. O‘z uyida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasini qabul qilib 3:1 natijasi bilan ustunlikka erishdi. O‘sha uchrashuvdan so‘ng “Dinamo” ketma-ket ikkita o‘yinni durang bilan yakunladi. Yana ikkita uchrashuvda mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng serbiyalik Roganga chiqish eshiklari ko‘rsatib qo‘yildi. Natijada chempionatdagi ilk iste’fo ro‘y berdi. Uning o‘rnini yil boshidan beri sport direktori sifatida ishlab kelayotgan Andrey Shipilov egalladi. Yangi murabbiy boshchiligida “Dinamo” 10-turda o‘z maydonida AGMKga qarshi maydonga tushdi. Lekin samarqandliklar 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lishdi.

Shunday qilib, Samarqand jamoasida 1 g‘alaba, 3 durang va 6 mag‘lubiyat bor. Raqiblar darvozasiga 8 ta gol urishgan va o‘z darvozasidan 16 ta to‘p o‘tkazib yuborganlar. 11-turda Samarqandda “Nasaf” bilan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan uchrashuv qoldirilgan. Endi Shipilovning zimmasiga katta mas’uliyat yuklandi. Aksiga olib u ham mag‘lubiyat bilan boshladi. Superligadagi tanaffusdan “Dinamo” albatta maksimal foydalanishi kerak. O‘yindagi kamchiliklar ustida ishlash va bartaraf etish uchun etarlicha fursat bo‘lyapti. Baribir yozgi selektsiyada tarkibda yana o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Har qalay Andrey Shipilovni ham futbolga o‘z qarashi bor. Uning uslubiga kimdir mos tushadi, kimdir esa yo‘q.

dinamo6

Futbolchilarni tanlashda ham to‘g‘ri tanlov juda muhim. Mavsum boshida tarkibga ko‘plab yangi o‘yinchilar keldi, ularning orasida legionerlar ham bor. Lekin bosniyalik hujumchi Aleksandr Glishich jamoaga moslasha olmadi. U dastlabki 4 ta uchrashuvda maydonga tushdi, gol ura olgani yo‘q. Keyin esa Glishich rahbariyat bilan o‘zaro kelishgan holda shartnomani bekor qilishga qaror qildi. Hozirda klubda uch nafar legioner qolgan. Bular – Miloe Prekovich, Mixaylo Yovanovich hamda Evgeniy Chumak.

“Dinamo” o‘z o‘yinini shakllantirmas va tarkibini kuchaytirmas ekan, jamoa oxirgi o‘rindan qutula olishi qiyin masalaga aylanib boraveradi. Albatta, oldinda hali vaqt bor, to‘liq ikkinchi davra ham turibdi. Faqat 10 ta uchrashuvdan tegishli xulosalar chiqarilishi shart. Aks holda “Dinamo”ni yana pro ligada ko‘rishimiz ham hech gap emas. Shundoq ham mavsum avvalida ushbu klubni ko‘pchilik ligada qolish uchun kurashishini aytganida, jamoa bunday taxminlarni yo‘qqa chiqarsa kerak, degan taxminga borgandik. Lekin hozircha hammasi oldindan kutilganidek ketyapti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!