Yulduzlarsiz qolgan PSJ omadsiz "Leyptsig"ga qarshi (prevyu)

  • 4 noyabr, 2020, 21:00
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Evropa Chempionlar Ligasining so‘nggi o‘n yilligidagi chempionlar va etakchi klublarga nazar soladigan bo‘lsak, unda asosan, ispan, italyan va ingliz futboli vakillari ustunligining guvohi bo‘lishimiz mumkin. Frantsuz va nemis klublari esa, ulardan keyingi o‘rinlarda turadi. O‘zi umuman olganda, "top-5" chempionatlar orasida Germaniya Bundesligasi va Frantsiya 1-ligasi klublari odatda quyi o‘rinlarda baholanadi. Lekin shunday bo‘lishiga qaramay, vaqti-vaqti bilan ular ham xalqaro arenalarda shov-shuv ko‘tarib turishi hech kimga sir emas. 2013 yilgi «Bavariya» va «Borussiya»ning shovqini, o‘tgan mavsumdagi «PSJ», «Lion», «Bavariya» va «Leyptsig»ning ko‘rsatgan mo‘’jizasi mana shunday shov-shuvlar hisoblanadi. Bu mavsum ham muxlislar ulardan ko‘p narsalarni kutmoqda. Demak, jamoalar shunga mos harakat qilishlari aniq.

Bugun ana shunday klublardan ikkitasi Leyptsig shahrida EChL guruh bosqichi 3-turi doirasida o‘zaro o‘yin o‘tkazadi va aynan bugungi uchrashuv juda ko‘p narsalarga oydinlik kiritadi.

Evropa Chempionlar ligasi, «H» guruhi 3-tur. Markaziy uchrashuv:

«Leyptsig» - «Pari Sen-Jermen»

El-r76CWoAEdTp5

Qiziqarli qarama-qarshilik, yorqin duellar va ajoyib o‘yin guvohiga aylanishimiz shubhasiz. Ikkala klub ham so‘nggi yillarda Evropa grandlari safiga qo‘shilib ulgurgan, o‘tgan mavsumda ularning biri yarim finalga, boshqasi esa finalga qadar etib borgan edi. Ular bir-biriga begona raqiblar emas: yaqindagina poyoniga etgan va pandemiya oqibatida cho‘zilib ketgan mavsumning yarim finalida ular to‘qnash kelgandi. Unda parijliklar yirik hisobda oson g‘alabani qo‘lga kiritgandi. Ko‘plab mutaxassislar tomonidan bu g‘alabaga asosiy sabab sifatida tajriba effekti ko‘rsatildi. 33 yoshli Yulian Nagelsmanning yosh va shijoatli «Leyptsig»ida esa mana shu jihat etishmadi, deya baholandi. Nima bo‘lganda ham, ular qo‘lidan kelganidan ortiqroq vazifani bajarishdi, sababi, 2009 yilda tashkil topgan klub uchun EChL yarim finali - bu juda zo‘r ko‘rsatkich. Yangi mavsumda ular bundan ham ko‘pini amalga oshirish istagida. Buning uchun bugun g‘alabani tantana qilishlari shart. Lekin Tomas Tuxelning yulduzli tarkibi ham anoyilardan emas - ular osongina mag‘lub bo‘lmasliklari va 3 oy oldingi natijani takrorlashga urinib ko‘rishlari aniq.

El_Hye-WMAAYpLL

Jamoalarning holati

"Leyptsig"

Mavsumni juda omadli tarzda boshlab olgan, biroq bora-bora mag‘lubiyatlar ko‘chasiga kirib borayotgan va shu tufayli muxlislarining noroziligiga uchrayotgan «Leyptsig» klubi hozirga kelib o‘z ahvolini birmuncha og‘irlashtirib qo‘ydi. O‘tgan hafta «Old Trafford»da «Manchester Yunayted»dan 0:5 hisobida qabul qilib olingan qaqshatqich zarba, 5 kun oldin Myunxengladbaxdagi 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat jamoaning kayfiyatiga va turnir jadvalidagi holatga ancha ta’sir ko‘rsatdi. Bungacha jamoa 8 o‘yindan beri mag‘lubiyatsiz seriya namoyish etib, Bundesliga jadvalida etakchi o‘rinda turgan edi. EChLdagi mag‘lubiyat esa o‘zi shundoq ham "o‘lim guruhi sifatida" baholangan guruhdagi vaziyatni yanada chigallashtirib yubordi. Endi ushbu guruhda «Leyptsig» yoki PSJning qolib ketish ehtimoli yuqori, shu sababli bugun jamoalar jangovar holda maydonga tushishadi. Parijliklar asosiy tarkibidagi juda ko‘plab yo‘qotishlar va muammolarni hisobga olgan holda shuni taxmin qilishimiz mumkinki - bu o‘yinda mutlaq favorit yo‘q. Nemislar g‘alaba qozonib ketishlari ham ehtimoldan holi emas.

Shunday bo‘lsa-da, jamoada tarkib borasida bir qancha muammolar ham mavjud. «Buqalar» tarkibida Lukas Klostermann, Konrad Laymer va Fabris Hartman singari futbolchilar o‘yinni o‘tqazib yuborishadi, sababi ularda jarohat bor. Tayler Adams, Nordi Mukiele va Marsel Xalstenberglarning esa maydonga tushishi so‘roq ostida. Shularni hisobga olgan holda, Nagelsmann shanba kungi Myunxengladbaxdagi o‘yinga Emil Forsbergni tushirmadi va uni PSJ bilan o‘yinga asrab qo‘ydi. Hujumda Forsbergga Yussuf Poulsen sheriklik qilishi kutilmoqda.

Ijodiy zona - markaziy pozitsiyalarda deyarli muammo yo‘q: «Borussiya» Myunxengladbax bilan o‘yinda debyutini amalga oshirgan Lazar Samarjich ham bu pozitsiyada tanlov imkoniyatini oshirishga yordam beradi. Lekin, mutaxassislar bugun markazda Nagelsmanning Zabittser, Nkunku, Olmo va Kampl to‘rtligidan foydalanishini taxmin qilishmoqda. Himoyada Nordi Mukielening yo‘qligi tufayli uning o‘rnini Benyamin Xenriks egallashi mumkin, qarama-qarshi qanotda esa Anxelino o‘ynaydi. Markazda esa doimgidek, Upamekano-Konate juftligi himoyani nazorat qilishi kutilmoqda.

Taxminiy tarkiblar: Gulachi; Xenriks, Konate, Upamekano, Anxelino; Kampl, Zabittser, Olmo, Nkunku; Poulsen, Forsberg.

El6umKCXIAEI5uE

PSJ

Ichki chempionatda mavsumni ketma-ket 2 mag‘lubiyat bilan omadsiz tarzda boshlab olgan Tomas Tuxel shogirdlari tez orada o‘z formalarini tiklab, etakchilikni qaytarib olishdi. Liga-1 doirasida qatorasiga 7 turdan beri g‘alaba qozonib kelayotganiga qaramay, parijliklar uchun EChL omadsiz tarzda boshlandi: o‘z uylarida «Manchester Yunayted»ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lishdi. Vaziyat og‘irlashmasligining oldini olish uchun 2-turda Istanbulda «Bashakshehir» klubi taslim qilindi va 3 ochko qo‘lga kiritildi. Jamoada hozirga kelib hammasi joyiga tushgandi - klub ichki chempionatdagi yirik hisobdagi g‘alabasi bilan Germaniyaga tashrif buyurgan, biroq jarohatlar va yo‘qotishlar oqibatida ularning ham ahvoli birmuncha og‘irlashib qolgani sir emas.

Bugun Tomas Tuxel Neymar, Kilian Mbappe, Yulian Draksler, Mauro Ikardi, Marko Verratti singari asosiy tarkib yulduzlarining xizmatlaridan foydalana olmaydi. Ushbu o‘yinchilarning birontasi qaydnomadan joy olmagan. Endi, ushbu yulduzlar o‘rniga germaniyalik mutaxassis Anxel Di Mariya, Moyze Kin va Pablo Sarabiya uchligidan hujumda foydalanishi kutilmoqda.

Mutaxassislar «Leyptsig»ning kutilayotgan tarkibiga qarshi Tuxelning 4-3-3 taktik sxemasidan foydalanishini taxmin qilmoqda. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, hujum chizig‘i deyarli aniq, yarim himoyada ham etarlicha tanlov imkoniyati mavjud. Katta ehtimol bilan, Ander Errera bugun maydonga tushadi, u markaziy zonani boshqarishi ko‘zda tutilgan. U bilan birga bu pozitsiyada Leandro Paredes va Idrissa Guye ham harakat qilishi aytilmoqda. Himoya chizig‘ida esa tanlov imkoniyati yanada kengroq: «Nant» bilan o‘yinda Markinosga zaxira o‘rindig‘ida dam berilgandi va ko‘p ehtimol bilan bu aynan bugungi o‘yin uchun amalga oshirilgan. Unga markazda Presnel Kimpembe sherik bo‘ladi, qanotlarda esa Alessandro Florentsi va Leyvin Kurzavalar bo‘lishi kutilmoqda. Umuman olib qaraganda, parijliklar chap qanot himoyasida tanlov imkoniyati kengroq: Kurzavaning o‘rniga Tilo Kerer yoki Kolin Dagbalardan biri tanlanishi ham mumkin, lekin Tomas Tuxel bu o‘yinga jiddiy yondashib, Kurzavani tanlashi ehtimoli yuqoriroq.

Taxminiy tarkiblar: Navas; Florenzi, Markinos, Kimpembe, Kurzava; Errera, Gue, Paredes; Sarabiya, Kin, Di Mariya.

El5PFWUXgAAP7jz
Hulosa o‘rnida

Ikkala jamoada ham vaziyat deyarli birday: birida jarohatlar va yo‘qotishlar tufayli hech narsa ko‘zga ko‘rinmayapti, boshqasida esa hammasi joyida bo‘lishiga qaramay natija bo‘lmayapti. Shunday ekan, bu o‘yinda mutlaq favorit jamoa yo‘q. Bugun ko‘proq uslublar to‘qnashuvi guvohiga aylanishimiz mumkin. Tuxel yulduz futbolchilarisiz qanday harakat qila oladi? Nagelsmann xatolardan xulosa chiqara olganmi? PSJning g‘alabali ceriyasi davom etadimi yoki «Leyptsig» ochko qo‘lga kiritib parijliklarni qiyin ahvolga solib qo‘yadimi? Shu va boshqa savollarga o‘yin davomida javob topamiz. O‘ylaymizki, zerikib qolmaysiz.

Birga kuzatamiz.

Abdulla Mannonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!