Yuzdan ortiq gol urgan! “Bashakshehir” Shomurodovga kuchli raqobatchi olib keldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchilari – Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaev o‘ynayotgan “Istanbul Boshakshehir” klubi o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun tarkibini kuchaytirishga e’tibor qaratmoqda.
Yaqinda istanbulliklar Yevropaning bir necha klublarida o‘ynagan Daniya milliy terma jamoasi a’zosi Andreas Skov Olsenning transferini e’lon qilgan edi. Germaniyaning “Volfsburg” jamoasidan kelgan futbolchi o‘zbekistonlik legioner Abbosbek Fayzullaevning to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchisi hisoblanadi.
Endi bu gal “Boshakshehir” o‘z safiga Turkiya milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Umut Bozokni qo‘shib oldi.
Nuri Shahin jamoasi 29 yoshli hujumchi bilan 2+1 ko‘rinishida shartnoma tuzdi.
- Umutni oilamizda qarshi olamiz va unga to‘q sariq-ko‘k libosimizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz, - deyiladi “Istanbul Boshakshehir” klubining rasmiy bayonotida.
Umut Bozok markaziy hujumchi. Faoliyatining bir qismini Fransiyada o‘tkazgan Umut Bozok dastlab bu mamlakatning “Atletiko Marsel”, “Nim Olimpik”, “Loryan” va “Trua” kabi klublarida to‘p surgan.
Keyinchalik u Turkiyaga ko‘chib o‘tib, turli yillar davomida “Kasimpasha”, “Trabzonspor” va “Eyupspor” jamoalari sharafini himoya qildi.
Umut Bozok 2021/2022 yilgi mavsumda “Kasimpasha” safida 20 ta gol urib, Turkiya Superligasining eng yaxshi to‘purari bo‘lgan. U Fransiyaning ikkinchi divizionida ham “Nim Olimpik” tarkibida to‘purarlar poygasida g‘olib chiqqan.
O‘tgan mavsumda esa 29 yoshli hujumchi “Eyupspor” tarkibida Turkiya chempionatida 32 uchrashuvda ishtirok etib, 6 ta gol urdi.
Umumiy hisobda, Umut Bozok faoliyati davomida o‘zi ishtirok etgan barcha musobaqalarda raqiblar darvozasini ishg‘ol qila olgani bilan ajralib turadi. Turkiyalik forvard turli klublar safida jami 322 ta uchrashuvda ishtirok etib, 108 ta gol urgan va 30 ta assist qayd etgan.
Ta’kidlash joizki, Umut Bozok “Istanbul Boshakshehir”ning asosiy to‘purari Eldor Shomurodovning raqobatchisi hisoblanadi. Nuri Shahin jamoasida hujum markazida asosan Eldor va Germaniyadan kelgan legioner Devi Zel’ke o‘ynaydi. Endi ular qatoriga Umut Bozok ham qo‘shiladi.
O‘tgan mavsumda 22 ta gol bilan Superliga to‘purari bo‘lgan Eldor Shomurodov raqobatchilaridan farqli ravishda hujum markazidan tashqari, hujumchi ortida va har ikki qanotda ham samarali o‘ynay oladi.

Fikrlar