Mahmud Murodov Disgusting Men nashriga "Dota 2" o‘ynashi haqida aytib berdi

  • 29.10.2020 19:18
  • 0
  • MMA

UFCdagi ilk o‘zbekistonlik jangchi Mahmud Murodov "Dota 2" o‘yiniga bo‘lgan qiziqishi haqida gapirib berdi.

"Karantin joriy qilinganida, men o‘yin uchun maxsus noutbuk sotib oldim. Aytgancha, yaqinda yangi kompyuterga buyurtma berdim. Kuniga kamida 2-3 soat "Dota" o‘ynayman. Karantin davrida kamida 200 soatimni shu o‘yinga sarfladim.

Men sheriklarim bilan qo‘ng‘iroqlashib, birgalikda o‘ynayman. Shunday paytlari ham bo‘ldiki, mashg‘ulotlarim bo‘ladigan kuni erta tong soat 05:00 gacha o‘ynab chiqdim. Ayolim homilador bo‘lganida odamlar bilan kamroq ko‘rishib, ko‘proq vaqtimni uyda o‘tkazishga urindim. Uyda ekanligimda u baxtli edi, men esa xursand bo‘ldim.

"Dota"da bitta jamoaga qo‘shilib olganman. Ular uchun o‘ynaganimga katta pul to‘lashadi - oyiga 3-5 ming evro. Turnirlarda ishtirok etmayman, shunchaki, ularning jamoasi nomidan o‘ynayman. Yil yakuniga qadar shartnomam bor va ular yangi bitim imzolashimni istashmoqda.

Jamoaning nomi "Entropiq", ular Chexiyadagi eng kuchlilardan biri. Orasida "buziqlari" ham bor. Ularga "so‘kinmang, meni yoshim 30 dan oshgan," - deb aytaman.

Yaqinda, ular mendan nima ish qilishimni so‘rashdi. Avvaliga, UFC jangchisi ekanligimni aytganimda ishonishmadi. Instagram sahifamni ko‘rishni tavsiya etdim. "Bolalar qarang! Bu haqiqatdan ham UFC jangchisi ekan," - deb hayratlanib qolishdi. Ha, shunaqasi ham bo‘lib turadi. Shundan so‘ng, ular menga "aka o‘ynaymizmi, aka o‘ynaymizmi," - deb ko‘p yozadigan bo‘lib qolishdi," - dedi Murodov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!