“Real” Angliya chempioniga murojaat qildi
“Real Madrid” yozgi transferlar davrida himoya chiziqini isloh qilishni mo‘ljallayapti. Klubning transfer nishonidagi bir necha futbolchilar yanvar oyidayoq boshqa jamoalarga o‘tib ketdi.
“Santyago Bernabeu” uchun asosiy ustuvor pozitsiyalardan biri yangi markaziy himoyachi olish masalasi hisoblanadi. Klub o‘tgan yoz Din Xöysenni olganiga qaramay, Antonio Ryudiger va David Alaba shartnomalari tugayapti. Bu ikki o‘yinchi ketsa, markaziy himoyani yopish uchun Xöysendan tashqari faqat Raul Asensio va Eder Militao qoladi.
Braziliyalik Militao esa so‘nggi uch yil davomida jiddiy jarohatlar tufayli mavsumlarning katta qismini o‘tkazib yuborgan.
Markaziy himoyaga mo‘ljallagan o‘yinchilardan Mark Gexi “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tdi, Dayot Upamekano esa, “Bavariya” bilan shartnoma imzolashga ko‘ndi.
Shu bois, madridliklar avval rad etilgan nomzod – Ibrohi Konate variantiga qaytdi. So‘nggi xabarlarga qaraganda, madridliklar “Liverpul” himoyachisi agentlari bilan bog‘lanib, transfer ma’lumotlarini so‘ragan.
Agar bu transfer o‘xshamasa, “Real” zahira rejasini ham tayyorlab qo‘ygan. Unga ko‘ra, klub akademiyasi tarbiyalanuvchisi Joan Martines asosiy jamoaga jalb qilinishi mumkin. Bundan tashqari, “Real” o‘tgan yozda Italiya ning “Komo” jamoasiga sotib yuborgan Jakobo Ramonni qayta sotib olish variantini qo‘llash huquqiga ham ega.
Fikrlar