
Tezkor: Fayzullaev TsSKAdan ketdi, keyingi manzil aniq
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaev ham faoliyatini Turkiya Superligasida davom ettirishga rozilik berdi.
Bir necha nufuzli manbalarning ma’lum qilishicha, 21 yoshli o‘zbek legioneri TsSKAning mashg‘ulotlar bazasini tark etib, yangi jamoasi “Istanbul Bashakshehir”da tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Turkiyaga otlagan.
- Fayzullaev Istanbulga yo‘l oldi. Abbosbek TsSKA bilan Premer-liganing birinchi turidan o‘rin olgan “Orenburg” jamoasiga qarshi uchrashuvga borgani yo‘q. U “Bashakshehir”da tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Turkiyaga borishi kerak, - deb ma’lumot berdi taniqli insayder Ivan Karpov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali.
Yana bir manba – sport-express.net sayti ham Fayzullaev transferiga oid muhim ma’lumotlarni muxlislar e’tiboriga havola qildi.
- Fayzullaev “Istanbul Bashakshehir”ga o‘tmoqda. Klublar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, transfer uchun 7,5 million evro to‘lanadi.
TsSKA 21 yoshli o‘yinchi transferi uchun turk klubidan badal pulini bitta to‘lovda qabul qiladi. Shu bois, Fayzullaev “armiyachilar” bilan “Orenburg”ga qarshi bo‘ladigan uchrashuvga bormagan.
Abbosbek Fayzullaev TsSKA tarkibida Rossiya Premer-ligasi bronza medali sovrindori, mamlakat kubogi va Superkubogi sohibiga aylangan edi, - deb yozdi sport-express.net sayti.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 21 yoshli hujumkor futbolchi 2023 yilning avgustida TsSKA klubiga ko‘chib o‘tgan edi. Bu transfer toshkentliklar 500 ming evro keltirgan.
Qisqa fursatda legioner sifatida o‘zini ko‘rsata olgan Abbosbek Fayzullaev xorij klublari e’tiborini torta boshladi.
Abbos “armiyachilar” tarkibida barcha turnirlarda 72 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini sakkiz marta ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga 22 ta golli pas uzatdi.
Turkiya Superligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashishni maqsad qilgan “Istanbul Bashakshehir” yozda tarkibini jiddiy tarzda kuchaytirishga qaror qilgan. Istanbulliklar yaqinda “Roma”dan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovni transfer qilgan edi.
Endi Fayzullaevning “Istanbul Bashakshehir”ga transferi amalga oshib, bu ma’lumot rasman tasdiqlansa, terma jamoamizning ikki etakchisi bir klub sharafini himoya qila boshlaydi. Ayrim ekspertlar bu holat 2026 yilning yozida AQSh, Meksika va Kanada maydonlarida o‘tkaziladigan jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi foydasiga ishlashini ta’kidlamoqda.
Qolaversa, “Istanbul Bashakshehir” dunyo bo‘ylab bir necha klublar, xususan, Abduqodir Husanov o‘ynayotgan “Manchester Siti”ga egalik qiluvchi Football City Group xoldingi bilan yaqin hamkorlik qiladi. Bu esa, Abbosbek Fayzullaevning Evropa top-ligalaridagi klublarga o‘tishi uchun yo‘l ochishi mumkinligi ta’kidlandi.
Fikrlar