FIFA tasnifidagi musobaqalar finalida xet-trik qayd etganlar
Yaponiyada bo‘lib o‘tgan Klublar o‘rtasidagi JCh finalida “Real” hujumchisi Krishtianu Ronaldu xet-trik qayd etishga muvaffaq bo‘ldi va FIFA tasnifidagi musobaqalarning finalida 3 ta gol kiritishga erishgan to‘rtinchi futbolchiga aylandi. Shu munosabat bilan esa bugun biz sizlarni Ronaldu va undan oldin bu ishni uddalagan 3 futbolchi bilan tanishtiramiz.
Jeffri Xerst
Angliya mezbonligida o‘tgan 1966 yilgi jahon chempionati aynan “uch sherlar”ning g‘alabasi bilan yakunlangani ma’lum. 30 iyun sanasida bo‘lib o‘tgan bahsda mezbonlar Jeffri Xerstning xet-trigi evaziga “nemis mashinasi”ni to‘xtatishning uddasidan chiqqan edilar. Umuman ushbu mundialning finali haqida turli gap-so‘zlar yuradi, biroq fakt shuki, Xerst JCh finalida xet-trik qayd etgan dastlabki va yagona futbolchi sanaladi.
Romario

1997 yilning 12 dekabridan 21 dekabriga qadar Saudiya Arabistonida FIFA tomonidan tashkil etilgan ilk Konfederatsiyalar kubogi bo‘lib o‘tgan. Ushbu musobaqada Braziliya terma jamoasi bosh sovrin egasiga aylanishgan. Finalda “pentakampeonlar” o‘sha vaqtlarda Okeaniya mintaqasida faoliyat yuritgan Avstraliyani “ilma teshik” qilib yuborgan edi. Romario esa butun musobaqa davomida 7 ta to‘p kiritishning uddasidan chiqishga muvaffaq bo‘lgan va turnir to‘purari uchun atalgan sovrinni o‘ziniki qilgan. Jumladan, gollarining 3 tasini u finalda kiritgan va finalning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan.
Ronaldo

Ko‘pchiligimiz “so‘yloq” deb atashga o‘rganganimiz - Ronaldo ham 1997 yilgi Konfederatsiyalar kubogi finalida Romario singari xet-trik qayd etgan. Faqat Romariodan farqli ravishda 3 ta goldan birini u penaltidan kiritgan. Aytgancha, o‘shanda “so‘yloq” turnirda 4 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Krishtianu Ronaldu

Ronaldu esa klublar o‘rtasidagi JCh finalida xet-trik qayd etgan ilk futbolchiga aylandi. “Kashima Antlers”ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limda 4 karra “Oltin to‘p” egasining o‘yini chiqmagan bo‘lsa, qolgan daqiqalarda portugaliyalik yulduz o‘zini “ko‘rsata oldi”. Dastlab, Vaskesga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik uchun belgilangan penaltini aniq amalga oshirgan “CR7” qo‘shimcha bo‘limlarda yana ikki bor mezbonlar darvozasini aniq nishonga olishga erishdi.
Izoh: O‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi JChlardagi natijalar qo‘shilmagan
Shahzod Xolboev tayyorladi

Fikrlar