
AGMK futbolchilari "Paxtakor"ga qarshi final oldidan qanday fikrda?
Xabaringiz bor, “Paxtakor” va AGMK jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston kubogi final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Final oldidan har ikkala jamoa murabbiylari va futbolchilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda olmaliqliklar vakillari Akmal Shorahmedov, Vladislav Kasminin, Elguja Grigalashvili hamda Shahzod Nurmatov ishtirok etdi va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Vladislav Kasminin: "Paxtakor" kuchli jamoa. Ertangi raqib joriy mavsumni a’lo darajada o‘tkazmoqda. Ammo futbolda ilojsiz narsaning o‘zi yo‘q. Ertaga maksimal harakat qilishga va muxlislarimizni xursand qilishga urinamiz".
Elguja Grigalashvili: "Assalomu alaykum! (o‘zbek tilida) Ertaga qiyin to‘qnashuv bo‘ladi. "Paxtakor" juda yaxshi jamoa. Umid qilamizki, barchasi biz uchun yaxshi tugaydi".
Akmal Shorahmedov: "Menimcha, ertaga qiziq o‘yin bo‘ladi. Sababi, "Paxtakor" o‘tgan yil finaldagi mag‘lubiyat uchun revansh olishga harakat qiladi. Garchi chempionatda pastroq o‘rinda bo‘lsak ham kubok uchun bor kuchimizni berib o‘ynaymiz. Stadionga keladigan muxlislarni qizg‘in bahs kutmoqda. Kuchli jamoa g‘olib bo‘lsin".
Shahzodbek Nurmatov: "Bizni og‘ir bahs kutib turganligi bilgan holda shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik. Xudo xohlasa yaxshi natijaga erishishga harakat qilamiz. Muhimi, g‘alaba qozonishimizga ishonamiz".
Fikrlar