Ana xolos: Husanovni qo‘llab kelgan Xoland tez orada “Siti”dan ketadigan bo‘lyapti
Evropaning qudratli klublar orasida eng ko‘p muhokamalar va muxlisu mutaxassislar diqqat markaziga tushgan jamoalardan biri shubhasiz “Manchester Siti” bo‘ldi.
To‘rt yil davomida ketma-ket Angliya chempionligini qo‘lga kiritgan yagona jamoa sifatida gegemonga aylangan “shaharliklar”ga qattiq sinov keldi. Joriy mavsumning birinchi qismida “Manchester Siti” o‘yinida inqiroz yuz berdi.
Klub rahbariyati va bosh murabbiy Xosep Gvardiola hamon vaziyatni o‘nglashga urinyapti. Ular vaziyatdan chiqish echimini tarkibni yangilashda ko‘rdi va yanvar oyidayoq to‘rtta katta transfer amalga oshilib, jamoaga Abduqodir Husanov, Umar Marmush, Niko Gonsales va Viktor Reys olib kelindi.
“Manchester Siti” yangi ijrochilar uchun 210 million evrodan ko‘proq mablag‘ sarfladi va qishki transferlar davrida eng katta xarajat qilgan klub bo‘ldi.
“Shaharliklar” kelasi mavsumgacha bir necha nomdor o‘yinchilar bilan xayrlashishga qaror qilgan. Maqsad – yoshi o‘tib qolayotgan yulduzlar o‘rniga tarkibni yosh, baquvvat, chaqqon, g‘alabalarga chanqoq yosh futbolchilarni olib kelishdan iborat. Biroq, jamoaning asosiy to‘purar Erling Xolandning ketish istagi kuchayib borayotgani haqidagi xabarlarning ko‘payib ketayotgani klub rahbariyatiga kuchli bosim o‘tkazmoqda.
Evropadagi nufuzli manbalardan biri – El Nacional nashrining ma’lum qilishicha, klubda yana norvegiyalik to‘purar ketish masalasi ko‘tarila boshladi. 24 yoshli futbolchining jamoa kelajagiga bo‘lgan ishonchi so‘nib borayotgani bu borada asosiy sabab qilib ko‘rsatilyapti.
“Manchester Siti” ayni paytda qayd etayotgan natijalar Erling Xolandni hafsalasini pir qilmoqda va uning boshqa qudratliroq klubga o‘tish istagini kuchaytiryapti. Chunki Erling darajasidagi juda ko‘p gol ura oladigan o‘yinchilar nufuzli sovrinlarsiz turolmaydi. Buni Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi misolida ham ko‘rganmiz.
Mutaxassis garchi “Manchester Siti” yaqinda Erling Xoland bilan amaldagi shartnomani 2034 yoilning 30 iyunigacha rasman uzaytirib qo‘ygan bo‘lsa-da, bu hujjat to‘purarning ketish yo‘llarini to‘sa olmaydi, degan fikrlarni bildirmoqda.
Ilgari Norvegiyada “Bryune” va “Molde”, Avstriyada “Zaltsburg”, Germaniyada “Borussiya Dortmund” sharafini himoya qilgan Erling Manchesterga 2022 yilning yozida kelgan. 60 million evroga transfer qilingan norvegiyalik futbolchi barcha turnirlarda 138 ta bellashuvda 120 ta gol va 19 ta assist qayd etganidan keyin uning transfer summasi 200 million evroga ko‘tarildi.
Dunyoning eng qimmatbaho futbolchilaridan biri bo‘lib turgan Xoland “Manchester Siti”ning tom ma’nodagi etakchilaridan biri hisoblanadi. Xususan, bu futbolchi Angliya Premer-ligasiga kelishi bilan jamoaga moslashmay turib katta uchrashuvlarda maydonga tushishiga to‘g‘ri kelgan Abduqodir Husanovni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbek futbolchisi xatoga yo‘l qo‘ygan vaziyatlarda Xoland unga dalda berdi, ko‘nglini ko‘tardi, muvaffaqiyatli o‘yinlar, ijobiy holatlar hamda g‘alabalarni birga nishonlashdi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Xoland atrofidagi vaziyatni “Pari Sen-Jermen” va “Bavariya” kabi qudratli klublar sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda. Bundan tashqari, “Real” rahbariyati Kilian Mbappe va Erling Xolanddan iborat hujum tandemini tashkil qilish bo‘yicha bir necha yil oldin tuzilgan rejasidan voz kechmagan. Agar Erling Manchesterni tark etadigan bo‘lsa, “Qirollik klubi” to‘purarga ish berishga tayyor.
Demak, “Manchester Siti”dagi vaziyat hamon murakkabligicha qolmoqda. Bu masala qanday echim topishini kuzatishda davom etamiz.



Fikrlar