Ana xolos! Uebster universiteti shaxmat dasturini yopdi
S’yuzen Polgar hayratlanarli xabarni ma’lum qildi — "Webster University" (Sent-Luis) o‘zining mashhur shaxmat dasturini yopgan.
2012 yilda asos solingan SPICE dasturi va uning talabalar qisqa vaqt ichida AQShdagi barcha universitet shaxmat jamoalaridan ko‘proq yutuqqa erishgan. Bu esa, Polgar ta’kidlaganidek, ancha kichik byudjetga qaramay amalga oshirilgan.
"Bu shunchaki bir dasturning yopilishi emas — bu AQSh universitet sporti tarixidagi eng yorqin muvaffaqiyat hikoyalaridan birining yo‘qolishidir", — deydi Polgar.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastur asoschisi va sobiq bosh murabbiy sifatida u universitet rahbariyati tomonidan bu qaror yuzasidan hech qanday muloqotga jalb qilinmagan. Hatto mablag‘ jalb qilish bo‘yicha yordam so‘ralmagan va dastur universitetga olib kelgan mashhurlik uchun minnatdorchilik ham bildirilmagan.
Polgar bu qaror haqida sobiq shogirdi va amaldagi bosh murabbiy, grossmeyster Liem Le orqali xabardor bo‘lgan. Uning so‘nggi ish kuni 2026 yil 30 aprel bo‘lgan.
"50 yildan ortiq faoliyatim davomida bu kabi yirik sport dasturining bunday boshqaruvini ko‘rmaganman. Yetarli vaqt berilganda, milliy miqyosda mablag‘ to‘plash kampaniyasini yo‘lga qo‘yish mumkin edi va men buni amalga oshirishga tayyor edim", — deydi Polgar.
Uning fikricha, 14 yil davomida shakllangan va universitet uchun katta obro‘ keltirgan eng muvaffaqiyatli shaxmat dasturining to‘satdan yopilishi — chuqur va mutlaqo keraksiz yo‘qotishdir.

Fikrlar