"Andijon" bu safar "Shaxtyor"ga hech qanday imkoniyat qoldirmadi

  • 14 fevral, 01:29
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Aleksandr Xomyakov jamoasi 13 fevral kungi ikkinchi uchrashuvi oqshomga yaqin Antaliyadagi “Titanik” nomli maydonda o‘tkazildi. 29 yanvar sanasida “Andijon” xuddi shu maydonda Ukrainaning “Vorskla” klubiga qarshi maydonga tushib 4:3 hisobida g‘alaba qozongandi. Bu safar Qozog‘istonning “Shaxtyor”i bilan kuch sinashdi va ustunlikka erishganini amalda isbotladi.

“Burgutlar” o‘yinni juda shiddatli hamda tajovuzkor ko‘rinishida boshladi va deyarli bahs mobaynida ushbu jihatni o‘z o‘yinida saqlab qola oldi.

Maydonga kuchli ishtiyoq bilan tushgan "Andijon" a’zolari har jabhada raqibdan kuchli ekanligini namoyish etdi. Uchrashuvning ko‘p qismida “Andijon” raqib jarima maydoni ichida bo‘ldi va xavfli vaziyatlarni yaratdi. Shu bois mazkur o‘yinda “Shaxtyor” darvozaboni va himoyachilariga qiyin bo‘ldi. "Burgutlar" esa raqibga imkoniyat qoldirmadi.

“Andijon”ning gollari uchrashuv oxirlariga yaqin kiritildi. Avvaliga Abdulvohid G‘ulomov o‘z qanotidan tezlik bilan oldinga bordi va markazga yaqin joydan Rustam Turdimurodovni to‘p bilan ta’minladi. Hujumchi esa o‘zi uchun yaratilgan imkoniyatni golga aylantirishga erishdi.

Oradan ko‘p o‘tmasdan endi yarim himoyachi Ilhom Abdug‘aniev ham raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Markazda Turdimurodov Abdug‘anievni pas bilan ta’minladi. Himoyachining xatosidan keyin Ilhom uzoq masofadan raqib darvozasining ojiz nuqtasini topa oldi.

Shu tariqa, “Andijon” raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va haqli ravishdagi g‘alabaga erishdi.

Endi “Burgutlar”ning navbatdagi uchrashuvi 17 fevral sanasiga belgilangan bo‘lib, shu kuni Polshaning “Vishista Krakov” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

 “Andijon” – “Shaxtyor” (Qozog‘iston) – 2:0 (0:0).

13 fevral. Antaliya. “Titanik” stadioni.

Bosh hakam: Sergey Nojenko 

Yordamchi hakamlar: Rinat Yakbarov. Nurjan Junusov.

Zaxira hakami: Sergey Sultangaliev (barchasi – Qozog‘iston).

 “Andijon”: Eldor Adhamov, Abubakir Ashurov, Islom Mamatkazin, Abdulvohid G‘ulomov, Abdurahmon Komilov, Shoxjahon Yorqinboev, Altin Kreziu, Ilhom Abdug‘aniev, Sardor Azimov, Doniyor Abdumannopov, Rustam Turdimurodov.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Muhammadkarim Toirov, Rustam Turdimurodov, Iskandar Shoyqulov.

“Shaxtyor": Igor Shatskix, Mixail Gabishev, Oljas Kerimjanov, Aleksandr Migunov, Elxan Saidov, Mansur Dilmurat, Rafael Ospanov, Ualixan Muxametjanov, Rifat Nurmugamet, Ansar Altinxan, Aydos Tattibaev.

Gollar: Rustam Turdimurodov, 80 - 1:0. Ilhom Abdug‘aniev, 84 – 2:0.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!