
"Andijon" klubiga iqtidorlarni etishtirgan jamoa yana qaytadan shakllantirilmoqda
Andijon viloyatida futbolga qaratilayotgan e’tibor, yaratilgan sharoit hamda imkoniyatlar ancha salmoqli va ijobiy.
Sports.uz sayti jurnalisti Shuhratbek Jo‘raevga ma’lum bo‘lishicha, Andijonda “Uz-Tong-Xong Ko” jamoasi yana qaytadan shakllantirilmoqda. Qo‘shma korxonaga qarashli bo‘lgan ushbu jamoa ilgari Andijon viloyati chempionati va Respublika final bosqichlarida ishtirok etgan. Hozirgi paytga kelib mazkur jamoa yana qaytadan shakllantirilyapti. Buning uchun qo‘shma korxona rahbariyati barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berayotgani e’tiborga molik.
Dekabr oyida yig‘in boshlagan “Uz-Tong-Xong Ko” hozirda qishki tayyorgarligini qizg‘in ravishda olib boryapti. Masalan, kuni kecha “Andijon” U-21 jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida 2:1 hisobida g‘alaba qozondilar. Jamoaga esa Artur Mamatkazin bosh murabbiy etib tayinlangan. Tarkibga qator yangi o‘yinchilar taklif etilgan va maqsad jiddiyligi uchun iqtidorli yigitlar saralab olinyapti. 25 yanvardan 10 fevralgacha o‘tkaziladigan Farg‘onada viloyat hokimi Kubogi musobaqasida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. 15-25 fevral kunlari esa Andijonda tashkillashtiriladigan Andijon viloyati hokimi Kubogida ham qatnashadi.
Yana bir qiziq ma’lumot: “Andijon” futbol klubida ikki yildan beri faoliyat olib borayotgan iqtidorli himoyachi Abdurahmon Komilov aynan “Uz-Tong-Xong Ko” jamoasidan taklif qilingan. Futbolchi avvaliga qo‘shma korxonada ishchi sifatida ishlab, uning jamoasida ham to‘p surgan. Natijada “Andijon” klubi murabbiylarining e’tiboriga tushib, viloyatning bosh jamoasiga taklif qilingan. Bundan tashqari, “Andijon” jamoasining yana bir ajoyib o‘yinchilaridan biri, Komilov singari so‘nggi ikki yilni asosiy jamoa safida o‘tkazib kelayotgan yarim himoyachi Ilhom Abdug‘anievning ham qaytadan kashf etilishida mazkur qo‘shma korxona jamoasining hissasi katta bo‘lganligini qo‘shimcha qilish darkor.
Bir so‘z bilan aytganda, “Uz-Tong-Xong Ko” jamoasining yana qaytadan tashkil etilishi negizida o‘ziga yarasha maqsad va vazifalar yotibdi. Aynan Komilov va Abdug‘aniev misolida yana bir qancha yashirin iqtidorlar borligi va kun kelib viloyatning bosh jamoasiga jalb etilishi - bu qo‘shma korxona jamoasining yutug‘iga aylanadi.
Fikrlar