Bangladesh chempionatida boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan futbolchimizni bilasizmi?
Hozirda xorijda faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar talaygina. Ular turli mamlakatlarda legioner maqomida to‘p surib kelmoqdalar. O‘ynayotgan chempionatining mavqei qay darajada bo‘lishidan qat’iy nazar muhimi ular o‘zidan iliq taassurot qoldirishga hamda ishonchni oqlashga harakat qilishayotgani ayni haqiqat.
Masalan, Osiyoning turli nuqtalarida ham hamyurtlarimizni uchratish mumkin. Aytaylik, Bangladesh chempionatida ham bir qator o‘zbekistonlik futbolchilar o‘z omadlarini sinab yuribdilar. Ularning orasida esa muxlislarimiz yaxshi biladigan futbolchilarni ham uchratish mumkin.
Bu borada gap ketar ekan, ishqibozlarga yaxshi tanish bo‘lgan namanganlik Otabek Valijonovga ham to‘xtalib o‘tish o‘rinli bo‘lardi. Boisi, ushbu o‘yinchi “Navbahor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va chempionatimizdagi faoliyati mobaynida o‘zidan yaxshi taassurot qoldira olgan o‘yinchilardan hisoblanadi. Lekin keyinchalik taqdir uni Bangladesh tomonlarga etakladi. Hozirda esa Valijonov mahalliy “Bronxrs Yunion” jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda.
Aytish lozimki, Otabek bunga qadar “Navbahor”, “Sho‘rtan”, “Andijon”, AGMK, “So‘g‘diyona” singari klublarda to‘p surgan. Oxirgi yillarda esa legioner maqomi ostida Bangladesh chempionatida ishtirok etib kelmoqda. Albatta, ayni paytda u erda ham koronavirus tufayli karantin joriy etilgan. Hamyurtimiz esa Bangladeshdagi holat, legionerlarga bo‘lgan e’tibor, oldingi faoliyati kabi bir qator masalalarda o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

U erdagi karantin xususida
- Bu erda ham karantin va shunga rioya qilgan holda uyda o‘tiribmiz. Sharoitlarga keladigan bo‘lsak, hammasi joyida, kamchiliklar yo‘q. Xudoga shukr, biz uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. To‘g‘risi hozirgi paytda Allohdan balo yuqmasligini so‘rab ko‘chaga chiqmasdan uyda o‘tiribmiz.
Legionerlarning shartnomalari muddatidan avval bekor qilinadimi?
- Albatta, karantindan keyin kimlarnidir shartnomalari bekor bo‘lar ekan, degan gaplarni eshitgandim. Bizda 5-tur bahslari tugagan edi. Qaysidir legionerlarning shartnomalari esa may oyida tugaydi. Mana shu to‘g‘risida gap-so‘z chiqdi. Lekin futbol federatsiyasining bu boradagi alohida qarori chiqdi. Unga ko‘ra birinchi davrada o‘ynagan legioner futbolchi o‘sha davrani yakunlab qo‘yishi kerak. Ana shundan keyingina uning klubi tarkibida o‘zgarishlarni qila olishi mumkin.

Bangladeshda legionerlarga qancha haq to‘lanadi?
- Xudoga shukrki, bu erdagi oylik maoshim nasibga yarasha. Alloh shu erda rizqimni bergan ekan, mehnat qilib, menga bergan e’tiborni oqlashga harakat qilyapman va olayotgan maoshimni halol qilib yuribman. Legionerlarga keladigan bo‘lsak, kim qancha oylik maosh olishiga qiziqmaganman. Lekin bu erda xorijlik futbolchilarga katta e’tibor berilayotgani rost. O‘zimizdagi maosh bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, bu erda AQSh dollari olasiz, o‘zimizda esa so‘m, farqi mana shunda (kuladi).
Uning faoliyatidagi unutilmas jamoa qaysi?
- Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, bu haqida oldin ham aytgandim, men uchun unutilmas, qadrli bo‘lib qolgan va yoqimli xotilarga boy bo‘lgan jamoam - bu “Navbahor”. Bu erda o‘tkazgan faoliyatim haqida gapirsam gapim hali beri tugamasa ham kerak.

Oldingi faoliyati va Bangladesh futbolining mavqei haqida
- Agar yodingizda bo‘lsa, 2016 yili “Andijon”da to‘p surganimda oyog‘imdan jarohat olgandim. Ana shu jarohat menga qiyinchilik tug‘dirgan. Shundan keyin AGMK va “So‘g‘diyona” jamoalarida to‘p surdim. Bilasizmi, menga o‘sha paytlarda ham Bangladesh chempionatidan chaqiruvlar bo‘lib turgandi. Agarda bu erdagi chempionatning saviyasi past deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz adashasiz. Men saviyasi baland yoki past chempionatda o‘ynayapman deb o‘ylamaganman. Umuman olganda, saviyaga keladigan bo‘lsak, o‘zimizniki bilan katta farqi yo‘q. Oyog‘imdagi jarohatimni yaxshilab davolatgach, shu erga kelishga qaror qilganman. Xudoga shukrki, O‘zbekistonda o‘ynagan paytimda ko‘plab muxlis orttirdim, futbol orqali talaygina do‘stlarga ega bo‘ldim. Mana, endi Bangladeshdaman va bu erda ham “Navbahor”dagi kabi muxlislarimga egaman. Qaerda bo‘lsa ham siz mehnat qilib, ajoyib o‘yinlar ko‘rsatsangiz u erda sizga bo‘lgan mehr-muhabbat oshaveradi. Xudoga shukrki, men uchun hammasi yaxshi. Balki yangi mavsumda faoliyatimni boshqa chempionatda boshlarman.



Fikrlar