
Bektemir vaznidan qat’i nazar dunyoning eng zo‘r bokschilari qatoridan joy oladi!
Boks olamida o‘z nufuziga ega bo‘lgan Asianboxing.info sayti yaqin yillar ichida vazn toifasidan qat’i nazar dunyoning eng kuchli professional bokschilari reytingida (pound-for-pound) kuchli o‘nlikka kirishi mumkin bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari nomini e’lon qildi.
Mazkur sayt mutaxassislari tahlillariga ko‘ra, Bektemir Meliqo‘ziev 2023 yilga borib, P4P-reytingining eng yuqori pog‘onalarida qayd etiladi. Hamyurtimizdan tashqari, kuchlilar qatoriga qozog‘istonlik Tursinboy Qulahmet, yaponiyalik Kosei Tanaka, Dzyunto Nakatani va amerikalik Jessi Rodriges ham eng kuchli bokschilar ro‘yxatidan joy olishga da’vogar hisoblanadi.
Bektemir Meliqo‘ziev professional boksga o‘tkagina ko‘p bo‘lgani yo‘q. Farg‘onalik charm qzlqop ustasi dastlabki professional jangini 2019 yilning 13 iyunida Martin Rios Fidelga qarshi o‘tkazib, katta tajribaga ega raqibini birinchi raundning o‘zida sof nokautga uchratgandi.
Barcha janglarini AQShda o‘tkazayotgan Bektemirga promouterlar professional ringda ko‘p jangda ishtirok etgan va reytingdan yuqori pog‘onalarda qayd etilgan raqiblarni ro‘baro‘ qilmoqda. Buning samarasida, hamyurtimiz dastlabki chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritish uchun kam vaqt sarflayapti. Xususan, Meliqo‘ziev o‘tgan yili dekabr oyida o‘zining to‘rtinchi jangida Vaugn Aleksandrni ochkolar hisobida mag‘lub etib ilk sovrini - World Boxing Association Continental Americas mintaqaviy chempionalik kamariga ega bo‘ldi.
Bektemir joriy yilning 30 oktyabr kuni oltinchi jangida Alan Kampani uchinchi raundda ringga qulatib, World Boxing Organisation Inter-Continental qit’alararo chempionlik kamarini ham o‘ziniki qildi.
Umuman olganda, bu bokschimiz oltita jangdan beshtasini nokaut va bittasini ochkolar hisobida o‘z foydasiga hal qilgan va u reytingda jadal ko‘tarilib bormoqda.
24 yoshli sportchimiz havaskorlar o‘rtasida ham yuqori natijalarni qayd etgani va katta tajriba to‘nlagani uning professional sifatidagi faoliyatida ham qo‘l kelmoqda. Bektemir 2014 yilda havaskor boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Osiyo, jahon va Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan. Kattalar o‘rtasidagi musobaqalarda ikki karra Osiyo chempioni, jahon chempionatlari kumush va bronza medali sohibi, Rio Olimpiadasi vitse-chempioni sifatida shohsupadan o‘rin olgan.
Bektemir Meliqo‘ziev uchun 2021 yilgi mavsus o‘ta mas’uliyatli va ahamiyatli davr bo‘ladi. Uning menejerlaridan biri Aliko Frolov navbatdagi janglar haqida quyidagi fikrlarni bildirgan.
- Agar barchasi rejadagidek ketsa, biz keyinchalik sobiq jahon chempioni Devid Lemyo, Deniel Jeykobs va shu kabi mashhur bokschilarga qargi jang qilamiz. Bizga Sergey Kovalyov yoki Sallivan Barrera kabi nomdor raqiblarni ham taklif qilishgan edi. Bu borada bizdan so‘rashning hojati yo‘q. Bektemir ayni paytda 76 kilogramm vazn toifasida jang qilayotgan bo‘lsa-da, og‘irligi 79 kilo bo‘lgan raqiblar divizionidan jiddiy chaqiriqlarni qabul qilishga tayyormiz.
"Golden Boy" promouterlik kompaniyasining janglar tashkilotchiligi bo‘yicha mas’uli Roberto Dias bilan maslahatlashgan holda, 2021 yil oxiriga WBA yoki WBO yo‘nalishida chempionlik jangini maqsad qilganmiz. Albatta, barcha kabi bu yil bizda ham tanaffus bo‘ldi, ammo Bektemir har doim yuqori formani saqladi va bo‘lg‘usi janglarda undan ajoyib g‘alabalar kutamiz", - dedi Frolov.
Fikrlar