
Bosh murabbiysiz qolgan “Roma” Shomurodov va yana bir necha futbolchiga javob berib yubordi
Evropaning aksariyat ligalarida milliy chempionatlarda qisqa tanaffus e’lon qilindi. Noyabr oyiga belgilangan FIFA kunlarida mamlakatlar terma jamoalari navbatdagi yig‘in va turli darajadagi uchrashuvlarini o‘tkazadi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Italiya chempionatining yuqori divizionidan 176 nafar futbolchi milliy terma jamoalardan chaqiruv olgan.
Ko‘pchilikni “Roma”dagi holat qiziqtirmoqda. Klub xo‘jayinlari sentyabr oyi o‘rtalarida bosh murabbiylikka tayinlangan xorvatiyalik mutaxassis Ivan Yurichni iste’foga chiqarib yubordi. Ayni paytda jamoada bosh murabbiy yo‘q.
Shunga qaramay, Rim klubi mutasaddilari milliy terma jamoalardan chaqiruv olgan jami 11 nafar futbolchiga javob berib yubordi. Bundan tashqari, rimliklarning uch nafar iqtidorli o‘yinchilari ham turli yoshdagi terma jamoalarga jo‘nab ketdi.
Sports.uz portali “Roma” faoliyatini yoritayotgan manbalarning FIFA kunlari munosabati bilan poytaxt klubida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida tarqatgan ma’lumotlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
Italiya chempionati xalqaro uchrashuvlar uchun e’lon qilingan tanaffus munosabati bilan vaqtincha to‘xtatildi. “Roma” mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda, lekin bosh murabbiy Ivan Yurich iste’foga chiqarilgan.
Rim klubi futbolchilari mashg‘ulotlarni chorshanba kuni boshlaydi. Biroq jami 14 nafar o‘yinchi Trigoriya bilan xayrlashib, o‘z mamlakatlari terma jamoalariga jo‘nab ketadi.
Italiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Luchano Spaletti “Roma”dan faqatgina Nikkolo Pizilliga taklif yubordi. Lorentso Pellegrini va Brayan Kristante kabi tajribali o‘yinchilar klubda qoladi.
Bundan tashqari, Tommazo Baldantsi 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tarkib topgan Italiya yoshlar terma jamoasiga jaob qilindi.
A Seriyaning so‘nggi turida o‘z maydonida “Bolonya”ga imkoniyatni boy bergan “Roma” xalqaro tanaffusdan foydalanib, keyingi o‘yinlarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Tarkibda terma jamoalarga jalb qilinmagan ayrim yulduzlar ham mashg‘ulot o‘taydi.
Xususan, Paulo Dibala va Matias Sule bu gal Argentina terma jamoasidan taklif olmadi. Lionel Skaloni Rim vakillaridan faqatgina Leandro Paredesga suyanadigan bo‘ldi. Manu Kone Frantsiya terma jamoasi safida Isroil va Italiyaga qarshi uchrashuvlar uchun tayyorgarlik ko‘radi.
“Roma”ning yana uch nafar futbolchisi – Metyu Rayan Avstraliya, Abdulhamid Saud Saudiya Arabistoni va Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 2026 yilgi jahon chempionatining Osiyo saralash turniri uchinchi bosqichida ikkitadan muhim uchrashuvlarda ishtirok etishi kutilmoqda.
Shuningdek, Evan Ndika Kot-d'Ivuara, Artyom Dovbik Ukraina, Nikola Zalevski Polsha, Zeki Chelik Turkiya terma jamoalaridan chorlov olib, Trigoriyani tark etdi.
Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodov sardorligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bu gal ikkala uchrashuvni ham safarda o‘tkazadi. Srechko Katanets shogirdlari 14 noyabr kuni Dohada Qatar futbolchilari bilan kuch sinashadi.
19 noyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi KXDR futbolchilariga qarshi saf tortadi. Bu bahs neytral maydonda tashkil qilinadi va uchrashuvga Laos mezbonlik qilishi belgilangan.
Fikrlar