Braziliya futboli tarixidagi eng ayanchli kunga 10 yil to‘ldi

  • 8 iyul, 2024, 18:24
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Dunyo futboli tarixida Braziliya degan so‘zni eshitganimizda avvalo qirol Pele, Rivaldo, “so‘yloq” Ronaldo Nazario va Ronaldino kabi jahonni lol qoldirgan noyob charm to‘p ustalari va 5 karra jaxon chempionatini yutgan yulduzli terma jamoa keladi. 

Shunday bir davr keladiki, o‘sha paytda xar qaysi terma jamoada, xar qanday klubda o‘sish va pasayish bo‘ladi. Tarixda bunday vaziyatni, xususan, “pentakampeonlar” xam bir necha bor boshidan o‘takazgan. 

Ana shunday xolatni eng achinarli va ayanchlisi shak-shubhasiz bundan roppa-rosa 10 yil avval sodir bo‘lgan. Keling, ana shu voqeaga biroz to‘xtalib o‘tamiz.  

Deyarli har bir yirik turnirda bo‘lgani kabi bu safar ham braziliyaliklar etakchilar qatorida ko‘rilayotgandi. Ular 2014 yilgi mundialda o‘z uyida, o‘zining minglab muxlislari qarshisida yanada o‘zgacha ko‘rinayotgan edilar. Tarkibdagi 23 nafar futbolchilarning barchasi nom tomonlama o‘ta yulduz xisoblanmasa-da, Tiago Silva, Julio Sezar, Maykon singari katta tajribaga ega "faxriylar” yonida Neymar, Bernard, Oskar kabi umidli yoshlar jam bo‘lgandi. Natijada nafaqat maxalliy muxlislar, balki butun futbol jamoatchiligi bu avlodga katta umid bog‘lagan va yuqori natijalar kutayotgandi. 

Aslida, turnir mezbonlar uchun juda yaxshi boshlangan. Dastlabki turda Xorvatiya 3:1 xisobida ishonchli taslim etildi. Neymarning dubli va Oskar tomonidan kiritilgan gollarga Xorvatiya Marseloning avtogoli evaziga javob qaytara olgan. Ikkinchi turda kutilmaganda Meksika bilan nursiz durang qayd etildi. Gurux bosqichining so‘ngi turida Kamerun bilan kechgan bellashuvda total ustunlik ko‘rsatilib, raqib yirik 4:1 xisobida mahv etildi. Neymar yana dubl kiritib, katta sahnaga chiqadi. Fernandino va Fred ham o‘z hisobiga bittadan gol yozdirib qo‘ydi. Yakunda 7 ochko jamg‘arilib, gurux bosqichi xam birinchi o‘rinda yakunlanadi, xam mag‘lubiyat qayd etilmaydi. 

1/8 final bosqichida ularga qit’adoshlari Chili raqiblik qiladi. Dastavval David Luiz 18-daqiqada xisobni ochgan. 32-daqiqaga kelib, Aleksis Sanches muvozanatni tikladi. Uchrashuvning asosiy vaqti ana shu xisobda tugaydi. Qo‘shimcha bo‘limlarda ham darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi. Penaltilar seriyasida esa “selesao” 3:2 ko‘rinishida g‘alaba qozonib, chorak finalga yo‘l oldi.  

Bu bosqichda ularni musobaqaning xaqiqiy kashfiyotiga aylangan Kolumbiya kutib turardi. Bellashuv o‘z afishasiga mos tarzda o‘tdi. Biroq tajriba va maxorat bobida ustunroq bo‘lgan braziliyaliklar Tiago Silva va David Luizning kiritgan to‘plari evaziga g‘alabani qo‘lga kiritdi. 80-daqiqada Hames Rodriges penaltidan gol kiritib, uchrashuvni 2:1 ko‘rinishida yakunlanishini ta’minladi. 

2014 yilning 8 iyul sanasi! Jaxon chempionatining yarim final o‘yini va muxlislar bilan to‘lib-toshgan “Marakana” stadioni. Mezbon Braziliya Germaniyaga qarshi saf tortadi. Ko‘pchilikning ishonchi komil ediki, “pentakampeonlar” finalga bemalol chiqa oladi. Biroq shu kuni mezbonlarni umuman tanib bo‘lmay qolgandi. Bellashuv davomida ular reja qilgan biror narsa o‘xshamadi. Nemislar kiritgan xar bir goldan keyin tashqaridan qaragan insonga shunday tuyulaverardiki, go‘yoki braziliyaliklar bahsni tezroq yakunlanishini istayotgandek. Tabloda 3:0 porlab turgandan keyin ortiq xech kimda Braziliyaning mo‘jiza ko‘rsatishiga ishonch qolmagandi. Yakuniy xisob - 7:1, nemislar foydasiga. Mazkur qarama-qarshilikda o‘zining ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan Miroslav Kloze xam 1 ta gol kiritadi va umumiy 16 ta gol bilan mundiallar tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylanib oladi. Xullas, uchrashuvni bir amallab tugatib olgan 5 karra jaxon chempionlarida buyog‘iga so‘zlash uchun bir so‘z, gapirish uchun bir jumla qolmagandi. 

Chuqur depressiya ta’sir qildimi yoki yana boshqa bir sabab bo‘ldimi, har xolda 3-o‘rin uchun kechgan bellashuvda xam Braziliya terma jamoasi futbolchilari umuman o‘zlariga o‘xshamadi va natijada 3:0 yirik hisobida Niderlandiyaga shunchaki taslim bo‘lishdi. Robin van Persi, Deyli Blind va Jorjino Veynaldumlar Julio Sezar darvozasini ishg‘ol qildi.



Shunday qilib, Braziliya milliy terma jamoasi o‘z tarixidagi eng dahshatli va o‘ta ketgan omadsiz munlialni ana shu ko‘rinishda yakunlaydi. Luis Felipe Skolari iste’foga chiqadi. Bir qator yoshi katta futbolchilar terma jamoadagi faoliyatini yakunlaydi. Biroq birdaniga hammasi yaxshi bo‘lib ketmadi. Bu jamoa hamon avvalgi darajasiga qayta olmadi. 10 yildan beri "pentakampeonlar" bizga qayta qurish bosqichida qolib ketgandek tuyulmoqda. Shundan so‘ng o‘tkazilgan ikki Mundialda ular hatto yarim finalga qadar ham etib kela olmadi. Yuzlab yulduzlarga ega terma jamoani yaxlit bir mexanizm ostida birlashtirish, terma qoniga biror uslubni singdirish lozim. Sababi, zamonaviy futbolda hamma narsa mahoratning o‘zi bilan hal bo‘lmayapti. Agar hammasi shu tarzda davom etsa, Braziliya milliy terma jamoasini hali ancha vaqt faqatgina 5 karra Jaxon chempioni, deb esga olib yuraveramiz. 


 

 

Humoyunmirzo Ergashev maqolasi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!