
"Bunyodkor"da moliyaviy muammolar bartaraf etilgan ko‘rinadi. Akademiya tarbiyalanuvchilariga musobaqa g‘olibligi uchun pul mukofotlari berildi
Xabaringiz bor, O‘FA rahnamoligida mamlakatimizdagi futbol akademiyalari o‘rtasida ilk bor «Kelajak sari» xalqaro musobaqasi tashkil etildi.
2001 yilda tug‘ilgan bolalardan iborat 20 jamoa 4 guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun kurash olib bordi. O‘z guruhlarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganlar chempionlik yo‘lida kurashni davom ettirdi. Musobaqada «qaldirg‘ochlar» sharafini himoya qilgan Sergey Chigodaev murabbiyligidagi «Bunyodkor-2002» o‘z guruhida tengsiz bo‘ldi. Yarim finalda ham raqibdan yirik hisobda ustun keldi. Hal qiluvchi o‘yinda Andijon viloyati BO‘FAga qarshi maydonga chiqqan "bunyodkorchilar" ikkinchi bo‘limda urilgan yagona gol evaziga chempionlikni nishonlashdi.
Kecha klub rahbariyati Sergey Chigodaev murabbiyligidagi «Bunyodkor-2002» jamoasi a’zolari bilan uchrashdi. Yaxshi tilaklar, fikrlar bildirildi va homiylar tomondan ajratilgan pul mukofotlari topshirildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Oldinroq jamoa va xodimlar bir necha oydan beri oylik olmayotgani hamda boshqa sabablarga ko‘ra klubning ofislari MIB tomonidan muhrlanganini ma’lum qilgandik. Endi esa akademiya tarbiyalanuvchilariga xalqaro musobaqadagi chempionlik uchun mukofot pullari berila boshlanibdi. Aytgancha, bir necha kun avval asosiy jamoa ham oylik olgan va klubning Lushchan oldidagi qarzdorliklari yopilgani borasida ham gap so‘zlar tarqalgandi.
Fikrlar