
Davron Hoshimov: Janubiy Koreyadan taklif bor edi, ammo "Navbahor"da ko‘proq o‘sishga erishaman
Coca-Cola Superligada 10 avgust kuni transfer oynasi ochildi va shu zahoti Davron Hoshimovning “Navbahor”ga o‘tgani rasman e’lon qilindi. “Lokomotiv”da to‘p surib kelayotgan iqtidorli himoyachining namanganliklar safiga qo‘shilishi e’tiborga molik transferlardan biri bo‘ldi.
U 2018 yili ham “Navbahor”da to‘p surganini ishqibozlar yaxshi bilishsa kerak. Shuni aniq aytish mumkinki, namanganliklar Hoshimovni qo‘lga kiritish orqali yanada kuchayishga erishadilar. Chunki Davronning qanday o‘yinchi ekanligini barcha yaxshi biladi. Futbolchi “Lokomotiv”dan “Navbahor”ga ko‘chib o‘tganidan so‘ng sports.uz muxbiriga dastlabki intervyuni berdi.
- “Navbahor” klubiga o‘tishingizning sababi nimada?
- Mavsum boshida oldimda qator takliflar bor edi. Shunga qaramay, “Lokomotiv” bilan shu yilning oxirigacha shartnomam borligini ularga tushuntirgandim. O‘zinglar ham ko‘rib turibsizlar, oxirgi paytlarda “Lokomotiv”da o‘yin sifati biroz pastladi. “Navbahor” esa “Loko”dan mening transferimni sotib oldi. Ketar chog‘imda “Lokomotiv”dagilar menga iliq fikrlar bildirishib, omad tilashdi. Keyinchalik yana qaytishimni xohlashdi. Biz bir-birimiz bilan do‘stona ravishda xayrlashdik. “Navbahor”ning oldiga esa katta maqsadlar qo‘yilgan. O‘zim ham mana shunday yuqori o‘rinlarga intilishni istayotgandim. Bundan tashqari, menda boshqa variantlar ham bor edi. Shunga qaramay, “Navbahor”ni tanladim, qolaversa, bu mening sobiq jamoam hisoblanardi. Namanganda futbolni qanchalik sevishlarini barcha yaxshi biladi. Menga bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman.
- “Lokomotiv”ni bir qator etakchi o‘yinchilar tark etmoqda. Klubda esa moliyaviy tomondan muammolar ham borligi haqida eshitib turibmiz. Ayting-chi, sizning u erdan ketishingizga moliyaviy jihat qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?
- To‘g‘risini aytsam, “Lokomotiv”da moliyaviy ahvol ancha yaxshilangan. Mablag‘ borasida muammolar borligi to‘g‘risidagi xabarlar esa quruq gap-so‘z xolos. Albatta, har bir jamoada oylik maosh borasida biroz uzilishlar bo‘ladi. Lekin “Lokomotiv” baribir barcha o‘yinchilar bilan oxirigacha to‘liq hisob-kitob qiladi. Bu borada “Loko”ga hech qanday e’tirozim yo‘q.
- Baribir “Lokomotiv” mavsumni yaxshi boshlay olmadi. Ustiga-ustak, chempionat avvalida ham klubni etakchilar tark etishgandi. Shu kungacha esa temiryo‘lchilar o‘zining darajasida o‘ynay olishmayapti. Klubga nima bo‘lyapti? Bosh murabbiy eplay olmayaptimi yoki boshqa muammo bormi?
- “Lokomotiv” oldindan yaxshi shakllangan jamoa edi. Bu erda doim hamjihatlik bo‘lib kelgan. Bu yil esa klubdan ko‘plab o‘yinchilar ketishdi. Jamshid Iskanderov, Islom To‘xtaxo‘jaev, Oston O‘runov va hokazo. Natijada jamoa o‘zagi yo‘qolib qoldi. To‘g‘ri, tarkibga ayrim tajribali o‘yinchilar qaytishdi. Ammo ularga ham moslashishiga vaqt kerak bo‘lardi. Aytmoqchimanki, bu jamoaga biroz vaqt talab etilyapti. Bungacha qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Uch marta O‘zbekiston chemponi bo‘ldi va bunday natijaga erishish har kimga ham emas. Kubok va Superkubokni ham yutdi. Endi “Lokomotiv”da biroz “pauza” bo‘lyapti, deb o‘ylayman, yangilanishi uchun. Bu klubning kelajagi bor. Hamisha bunday jamoalarni hurmat qilish kerak. “Lokomotiv” xohlagan payt o‘zini kuchaytirishga qodir. Fursatdan foydalanib, klubda birga to‘p surgan futbolchilarga, rahbarlar va murabbiylarga rahmat aytman. Andrey Fyodorovdan ham minnatdorman. Uni qattiq hurmat qilaman. Bizga ko‘p narsalarni o‘rgatdi. “Lokomotiv”ga hamisha omad tilayman. Baribir bu klub yuragimda qoladi.
- Sizni xorijda legioner sifatida o‘ynashingizni ham kutishayotgandi. Qanot himoyachisining chetda to‘p surishi biroz qiyinroqmi?
- To‘g‘ri, mana shu mavzu bo‘yicha agentlarim ham muzokaralar o‘tkazishdi. Qanot o‘yinchilariga chetdan talab kamroq bo‘ladi. Agar markaziy himoyachi yoki yarim himoyachi bo‘lsangiz, unda takliflar ko‘proq kuzatiladi. Oldimda xorijdan 50x50 variantlar ham yo‘q emasdi. Ammo men 100 foizlik aniq taklif bildirgan “Navbahor”ni tanladim. Bu erga kelishdan avval oldimga katta maqsad qo‘ydim. “Navbahor”ni Osiyo Chempionlar ligasiga chiqishiga o‘z hissamni qo‘shishni istayman va bu erdagi 1,5 yillik faoliyatim davomida chetdan 100 foizlik aniq taklif bo‘lishini kutib qolaman.
- Sir bo‘lmasa, xizmatingizga xorijdan qaysi klublar qiziqish bildirgandi?
- Masalan, Janubiy Koreyaning Key-2 ligasidan variantlar bor edi. Lekin bu 100 foizlik chaqiruvlar emasdi. Jiddiy taklif bo‘lmagani uchun men ham jiddiy qaramadim. Lekin men to‘g‘ri tanlovni qabul qildim. “Navbahor”da yanada o‘sishga erishaman, deb o‘ylayman.
- “Navbahor”dan avval sizni “Qizilqum”ga o‘tishingiz ham kutilayotgandi. Chindan ham navoiyliklardan taklif olganmidingiz yoki bu quruq gap-so‘zmidi?
- Yo‘q, rostdan ham “Qizilqum”dan taklif bor edi. Hamidjon aka Aktamov menga qo‘ng‘iroq qilgandi va biz gaplashgandik. Ular mening “Lokomotiv”dan transferimni sotib olishga ham tayyor turishgandi. Keyin esa o‘zim Aktamovga qo‘ng‘iroq qilib, futbolchi sifatida yanada o‘smoqchi ekanligimni va buning uchun menga “Navbahor”dan taklif tushdi, meni to‘g‘ri tushuning, deb vaziyatni ma’lum qildim. Ha, “Qizilqum” pastki o‘rinda, lekin barcha jamoalarni hurmat qilish lozim. Taklif bildirgani uchun navoiyliklarga ham rahmat. Shunchaki, men “Navbahor”ni tanladim.
- Fikringizcha, Andrey Kanchelskisni Andrey Fyodorovdan qanday farqli tomonlari bor, deb o‘ylaysiz?
- 2018 yili “Navbahor”da Kanchelskis boshchiligida beshta o‘yinda to‘p surgandim. Baribir har bir mutaxassisning o‘ziga yarasha jihatlari bo‘ladi. Ularning taktikalari turlicha. “Navbahor”ga qaytganimdan keyin bosh murabbiy bilan ham suhbatlashdim. Uning taktikasi va qanday o‘yin uslubini xohlayotganini eshitib chiqdim. Endi Kanchelskis aytgan sxemada o‘ynashga harakat qilaman. Keyingi uchrashuvlardan so‘ng bu savolga aniqroq javob berishim mumkin. Fyodorov bilan esa ikki yil davomida birga ishladim.
- Vadim Abramov milliy terma jamoaga bosh murabbiy bo‘lib kelgach, yig‘inlardan va o‘yinlardan chetda qolyapsiz. Termaga chaqirilmayotganingizdan ranjimayapsizmi?
- 2018 yili “Navbahor”ga kelganimda shu klub orqali milliy terma jamoaga qaytaman, deb intervyu bergandim. Chindan ham o‘shanda “Navbahor” orqali termaga qaytgandim. Ektor Kuperning ishonchiga kirgandim. Keyin esa Vadim Abramov bosh murabbiy bo‘ldi. Ularga kimdir yoqadi, kimdir yoqmaydi. Bu murabbiyning qarori va tanlovidir. To‘g‘ri, milliy terma jamoadan chaqiruv olmayotgan paytda futbolchiga bu yoqimsiz tuyulishi mumkin. Ayniqsa, har safar terma jamoamiz yig‘ilgan paytda va o‘yin o‘tkazayotgan chog‘ida tarkibda yo‘qligimni ko‘rib xafa bo‘lib ketaman. Oila-a’zolarim bunday paytda menga ko‘p siqilavermang, hali hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, deb dalda berib turishadi. Men shunaqa tezda ko‘nglimga oluvchanman. “Navbahor”da yanada yorqinroq o‘ynashga va bu orqali terma jamoaga munosib ekanligimni isbotlayman. Men hali taslim bo‘lmadim. Xudo xohlasa, milliy termadan chaqiruv olishimda namanganlik muxlislar ham meni qo‘llab-quvvatlashadi, degan umiddaman.
- Vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, “Navbahor” bu yil qaysi o‘rinni qo‘lga kiritishga qodir, deb o‘ylaysiz?
- Bilasizmi, menga “Navbahor”dan taklif bo‘lganidan so‘ng jamoaning barcha o‘yinlarini ko‘rib chiqqanman. Tarkibdagi futbolchilar haqida ham ma’lumotlarga egaman. Bu erdagi ko‘plab yigitlar bilan birga o‘ynaganman. Masalan, “Paxtakor”da Azim Ahmedov bilan birga to‘p surganmiz. Mirzohid G‘ofurov, Aziz Turg‘unboev va yana boshqalar bilan ham o‘ynaganman. Shundan kelib chiqib aytamanki, “Navbahor” chempionlik uchun kurasha oladi. Kamida sovrinli o‘rinlarga kira oladi. Undan pastki pog‘onalar esa “Navbahor”ning o‘rni emas. Eng asosiysi, O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritishdir. Chunki final Namanganda bo‘ladi.
Fikrlar