Fabiano Karuana: "Menda Grand Chess Tour bilan kontrakt bor!"
Amerikalik grossmeyster Fabiano Karuana Grand Chess Tour (GCT) va Esports World Cup oʻrtasida yuzaga kelgan sanalar toʻqnashuvi haqida fikr bildirdi.
"Albatta, yirik turnirlar ustma-ust tushishi — bu yomon. Baʼzi hollarda tanlov aniq boʻladi. Masalan, agar Jahon chempionligi bahsi GCT bosqichi bilan bir vaqtda oʻtsa, albatta, chempionlik oʻyinini tanlaysiz.
Ammo bu yerda vaziyat boshqacha. Koʻplab oʻyinchilarning jamoalar bilan shartnomalari bor, ayrimlari esa GCT bilan shartnoma asosida oʻynaydi.
Menda Grand Chess Tour bilan kontrakt bor. Men yil boshida taklifni qabul qilganman. GCT sanalarni oldindan eʼlon qiladi va oʻn yildan beri barqaror jadval asosida ishlaydi.
Karuana taʼkidlashicha, koʻpchilik top-shaxmatchilar har yili GCTda qatnashadi:
Men oʻn yildan beri har yili ishtirok etaman. Maksim, Alireza, Levon — oʻtgan tur natijalariga koʻra saralanganmiz. Agar Magnus GCTda oʻynaganida, ehtimol bu vaziyat umuman yuz bermas edi.
"GCT hech qanday xato qilmagan. Sanalar oldindan eʼlon qilingan, oʻyinchilar taklifni qabul qilgan. Keyin esa boshqa turnir aynan shu sanalarga qoʻyildi. Bu — shartnoma majburiyatlarini buzish.Agar xato qilgan boʻlsa, sanalarni koʻchirish ham ularning vazifasi.
Bu deyarli Jahon chempionligi oʻyini vaqtiga turnir qoʻyish bilan barobar. Balki undan ham yomonroq. Chunki chempionlik bahsida ikki oʻyinchi qatnashadi, bu yerda esa toʻqqiz yoki oʻn nafar oʻyinchi chetda qoladi.Rostini aytsam, nima qilyapsizlar oʻzi? Bunday rejalashtirish — shunchaki telbalik. Agar Esports World Cup oʻyinchilarni saqlab qolmoqchi boʻlsa, sanalarni koʻchirsin. Aks holda, oʻzlari biladi", - dedi amerikalik shaxmatchi.

Fikrlar