
Fayzullaev Evropaga ketishga tayyorlanyapti!
Avgust oyida “Paxtakor”dan Moskvaning TsSKA klubiga ko‘chib o‘tgan 19 yoshli Abbosbek Fayzullaev Rossiya Premer-ligasining haqiqiy kashfiyoti bo‘ldi.
Tobora o‘zbek futbolchisining iste’dodi va salohiyati haqida o‘z fikr-mulohazasini bildirayotgan mutaxassislar soni ortib boryapti. Rossiyadagi taniqli futbol ekspertlaridan biri Aleksandr Tilman ham hamyurtimiz haqida o‘z qarashlarini aytib o‘tdi.
- TsSKAdagi Fayzullaev kabi tana tuzulishiga ega o‘yinchilarning bizning ligamizda muvaffaqiyatli o‘ynay olishiga ko‘pinchi shubha bilan qarashga odatlanganmiz. Rossiya Premer-ligasi futbolchidan jismoniy quvvat va atletizmni talab qiladi, degan tushuncha paydo bo‘lib qolgan.
Mana hozir bo‘yi baland bo‘lmagan, jismonan ixcham, biroq tezkor, muvozanatni yaxshi saqlay oladigan texnikasi zo‘r yigit paydo bo‘ldi. Abbos kurashdan mutlaqo qochmayapti, qo‘rqmay yakkama-yakka kurashlarga kirishyapti uryapti, gavdasi kichikligiga qaramay, o‘zini kurashga uryapti va ularda yutib chiqyapti.
Fayzullaev qo‘rqmas va texnikasi zo‘r o‘yinchi ekani uning yutug‘i va bu omillar uni chempionatimizning yorqin futbolchisiga aylantirdi.
Abbosning yoshi va futbolchilik sifatlari, shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi ekanidan kelib chiqib, kelajakda mahorati va transfer summasi yanada oshishiga salohiyati va imkoniyatlari etarlidir.
Shu o‘rinda, TsSKA bu o‘yinchini olib, katta tavakkal qilishdan qo‘rqmaganini ta’kidlash kerak. Bugungi kunda Fayzullaev o‘z o‘yini bilan bu transferni ortig‘i bilan oqlayapti, - dedi Aleksandr Tilman.
O‘zbekistonlik muxlislar Abbosbek Fayzullaevdan Eldor Shomurodovning yo‘lini takrorlab, Rossiya Premer-ligasining kuchli beshlik chempionatlaridan biriga o‘tib ketishini kutyapti. O‘ghn to‘qqiz yoshli hujumkor futbolchining o‘zi ham top-ligalarda o‘ynash istagi borligini yashirayotgani yo‘q.
Abbosbek Rossiyadagi faoliyati orqali Evropaga ketishga tayyorgarlik ko‘ryapti, desak hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.
Aslida bu tayyorgarliklar ancha avval boshlangan. Abbosni yaxshi biladigan manbalarning ma’lum qilishicha, iste’dodli futbolchimiz futboldagi mahoratini charhlash bilan birga til o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratgan ekan.
Fayzullaev o‘zbek tilidan tashqari, hozir rus, ingliz va ispan tillarida erkin muloqot qila oladi. Xorijiy tillarni bilish maydonda turli mamlakat vakillari bilan birga to‘p tepganda juda qo‘l kelishiga misollar juda ko‘p.
Qolaversa, yaqinda Abbosbek Fayzullaevning birinchi murabbiyi Dmitriy An shogirdining o‘yin uslubi Ispaniya chempionatiga juda mos tushishi va u La Ligada o‘zini ko‘rsata olishini alohida ta’kidlagan edi.
Kim bilsin, Eldor Shomurodov Italiyaga, Abduqodir Husanov Frantsiyaga borganidek, erta-indin Abbosbek Fayzullaev ham orzusini amalga oshirib, Evropaga, xususan, Ispaniyaga yo‘l olishi mumkin.
Fikrlar
ктухтама биз сенга ишонамиз