
"Galatasaroy" nega Eldor Shomurodovni transfer qilmoqchi? Jamoa bu orqali nimani ko‘zlamoqda? Batafsil ma’lumot
Turkiyaning "Galatasaroy" klubi hamyurtimiz Eldor Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olishi mumkinligi borasida xabarlar tinmayapti. Vakilimizni bu jamoa avval ijaraga olmoqchi, keyin sotib olish huquqi bilan. Har holda hurriyet.com.tr nashri tinmay bong urmoqda. Ushbu manba bugun "Galatasaroy" nega Eldor Shomurodovni sotib olmoqchi ekanligi borasida batafsil ma’lumot berdi.
Tarkib tubdan o‘zgaradi
Yakuniga etgan mavsum jamoa Turkiya chempionatida o‘ziga xos bo‘lmagan 13-o‘rinni egalladi. Tabiiyki, bu natija klub rahbarlarini qoniqtirmagan. Shu bois tarkib o‘zgartirilishiga qaror qilindi.
Jamoaning hujum chizig‘idagi Bafetimbi Gomis 37 va Mbaye Dian 32 yoshda. Klub bularning o‘rniga yosh va arzonroq hujumchilarni transfer qilishni rejalashtirmoqda. "Galatasaroy"ning asosiy nishoni Eldor Shomurodovga qaratilgan. O‘zbekistonlik 26 yoshli forvard va mahalliy biror futbolchi yillik xarajatlari 4.1 million evro bo‘lgan Gomis va Dianning o‘rnini egallaydi. Klub prezidenti muhim o‘zgarishlar qilinishi, yarim himoya chizig‘i butunlay yangilanishi kerakligini aytgan.
Shomurodov boshqa chempionatga o‘tishi mumkin. Xaridorda aniq taklif bor
Og‘irlik qilayotgan katta maosh
"Sariq-qizillar" Rimda to‘p tepayotgan Eldor Shomurodovning transferi bo‘yicha "bo‘rilar" rahbariyati bilan kelishuvga erishsa, hozirgi tarkibdagi bir yoki ikkita hujumchi bilan xayrlashadi. Misrlik Muhammad Mustafoni saqlab qoladigan "Galatasaroy" Gomis va Diandan hech bo‘lmasa kamida bittasini qo‘yib yuborish harakatida. Yoshi ancha o‘tib qolgan bu ikki futbolchi yuqori maoshlari bilan klubga foyda keltirmayapti.
Shomurodovga xaridor klub sport direktori muzokara o‘tkazish uchun Rimga bormoqda. Niyat ancha jiddiy
Yaqin kunlardagi muzokara
Agar ular keyingi mavsumda ham jamoada qolsa, Bafetimbi Gomis 1.7, Mbaye Dian 2.4 million evro maosh olib klubni "shilish"da davom etadi. Shuning uchun klub ulardan qancha tez qutilsa, shuncha yaxshi. Yaqin kunlarda Gomis va Dianning vakillari hamda klub mutasaddilari bir stolga o‘tirib, muzokaraga kirishadi. Agar ikkalasi ham jamoani tark etsa, xorijlik va mahalliy hujumchi olinadi.
Klubi sport direktori ishga kirishdi
"Galatasaroy"dagi barcha futbol operatsiyalarini o‘z zimmasiga olgan klub sport direktori Jenk Ergyun bugundan boshlab, Italiyada transfer ishlarini davom ettiradi.
U "Roma"ning o‘zbekistonlik markaziy hujumchisi Eldor Shomurodov hamda "Sassuolo"da to‘p tepgan Turkiya milliy terma jamoasi futbolchilari Kaan Ayxan va Mert Myuldyurning agentlari va klub vakillari bilan uchrashadi.
ELDOR ShOMURODOV ijaraga olinadi
Avval Shomurodovning transferini yakunlash istagida bo‘lgan klub sport direktori keyin Kaan va Mertni qo‘lga kiritishga harakat qiladi. "Sariq-qizillar" transfer narxi 8 million evro bo‘lgan Shomurodovni ijaraga olmoqchi. Kaan va Mert borasidagi qaror “Sassuolo” klubi mutasaddilarining pozitsiyasiga ko‘ra ayon bo‘ladi.
Italiyadagi yana bir nishon
Ma’lum bo‘lishicha, "Galatasaroy" klubi sport direktori Jenk Ergyun "Latsio"ning kosovolik hujumchisi Vedat Muriki bilan ham uchrashishi mumkin. O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini ijara asosida “Malorka”da o‘tkazgan 28 yoshli Muriki “Galatasaroy”ning yangi bosh murabbiyi Okan Buruk bilan 2018/19 yilgi mavsumda Turkiyaning boshqa jamoasi "Rizespor"da birga ishlagan.
Evropa jamoalari qiziqayotgan futbolchi
"Galatasaroy" rahbariyati kamida yana bir yil tarkibda saqlamoqchi bo‘lgan Muhammad Mustafoga Evropa klublarining qiziqishi ortib bormoqda. Frantsiya matbuoti “Lion” bir necha oydan beri yaqindan kuzatib kelayotgan misrlik markaziy hujumchiga “Reyms” va “Tuluza” jamoalari ham da’vogar ekanini yozdi. Qayd etilishicha, 24 yoshli futbolchiga Germaniyaning «Shalke-04» va Ispaniyaning bir qancha klublari qiziqish bildirmoqda.
Bekzod ISAEV tayyorladi
Fikrlar