
Gvardiola Husanovning o‘yiniga qanday munosabat bildirdi?
Angliya Premer-ligasining 28-turini “Nottingem Forest” va “Manchester Siti” o‘yini boshlab berdi. Bu ikki jamoa musobaqa jadvalida ketma-ket joylashgani bois, mezbonlardan bir ochko ortda qolayotgan “shaharliklar”da uchinchi o‘ringa ko‘tarilib olish imkoniyatini berardi.
Shu bois, Xosep Gvardiola shogirdlari ilk daqiqalardan g‘alaba uchun o‘ynadi. O‘z navbatida, “o‘rmonchilar” an’anaviy kuchli klublar qatoriga kirmasa-da, joriy mavsum bejizga liga reytingida faqat “Liverpul” va “Arsenal”dan keyingi pog‘onada bormayotganini ko‘rsatdi.
“Manchester Siti” himoya chizig‘i o‘yin davomida faqat bir marta pand berdi va raqib hujumchisi Kallum Xadson-Odoi bundan foydalanib, Edersonni ojiz qoldirdi. Braziliyalik darvozabon yaqin burchagidan to‘p o‘tkazib yuborgani uchun ham mag‘lubiyat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerak.
Xosep Gvardiola jamoasi joriy mavsumda chempionatdagi to‘qqizinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Lekin ispaniyalik mutaxassis “Siti Graund” arenasida asosiy raqobatchilaridan biriga imkoniyatni boy berganiga qaramay jamoasining o‘yinidan mamnun ekanini bildirdi.
Biroq bu xotirjamlikka beriladigan holat emas. Agar “Chelsi” 9 mart kuni bo‘ladigan bellashuvda “Stemford Bridj”da “Lester Siti”ni mag‘lub eta olsa, “shaharliklar” kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini “aristokratlar”ga bo‘shatib beradi. “O‘rmonchilar” esa, manchesterliklar bilan o‘rtadagi farqni to‘rt ochkoga etkazib, ancha bamaylixotir bo‘lib oldi.
“Manchester Siti” o‘tgan yili qo‘lga kiritilgan Angliya chempionligi bu yil “Liverpul”ga topshiradi. Yagona umid Angliya kubogini qo‘lga kiritib, mavsum bitta bo‘lsa ham sovrin bilan yakunlashdan iborat.
Ekspertlar “Manchester Siti” yanvar oyida 181,5 million funt evaziga amalga oshirgan transferlar jamoa o‘yiniga ijobiy ta’sir ko‘rsata boshlaganini e’tirof etmoqda. Ayniqsa, to‘rt nafar yangi ijrochi orasida Abduqodir Husanovning transferi juda muvaffaqiyatli chiqdi.
Xosep Gvardiola “Nottingem Forest”ga qarshi o‘tgan uchrashuvda ulardan ikki nafari – Abduqodir Husanov va Niko Gonsalesni ilk daqiqalardan o‘ynatdi. O‘zbek legioneri yana muxlisu mutaxassislar ishonchini oqlab, to‘pni olib qo‘yish, raqib hujumlarini to‘xtatish, paslarini kesib qo‘yish, uzoq masofalarga aniq to‘p oshirish, yakkakurashlardagi ustunlik bilan o‘zini ko‘rsatdi. Husanov raqib hujumchilari – Kallum Xadson-Odoi va Kris Vudning darvozaga xavf solishiga umumun yo‘l bergani yo‘q.
Xosep Gvardiola Natan Ake, Jon Stounz, Manuel Akanji singari etakchi markaziy himoyachilarning yo‘qligida kuchli raqibga qarshi Husanov va Ruben Dias juda yaxshi o‘ynaganini alohida e’tirof etdi va maqtadi.
- Biz himoya markazida haqiqatan juda yaxshi o‘ynadik. Hozir boshqa markaziy himoyachilarimiz yo‘q. Ayniqsa, Abduqodir Husanov zo‘r harakat qildi, shuningdek, Ruben Dias ham. Biz o‘z darvozamiz oldida xavfli vaziyatlar ko‘payishiga yo‘l qo‘ymadik. Himoyalanishda futbolchilarimiz o‘zini ko‘rsata oldi. Bellashuv kuchli bosim ostida o‘tdi, - dedi Xosep Gvardiola.
Joriy yilning 20 yanvar kuni “Lans”dan “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgan Abduqodir Husanov Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi va Evropa Chempionlar ligasida ettita uchrashuv o‘tkazib, bitta gol urishga ham erishdi. Bu bahslarning deyarli barchasida legionerimiz “Manchester Siti”ning faol o‘yinchilaridan bo‘ldi.
Fikrlar