
Husanov ham bor! Evropa Chempionlar ligasi oldidan “Lans” himoyachisini tilga olishdi
Evropa qit’asining eng kuchli 32 jamoasi klublar o‘rtasidagi mintaqaning eng nufuzli musobaqasi – Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi ishtiroki orqali bosh sovrin uchun kurashga kirishadi.
Xorij matbuoti ushbu turnirda qatnashadigan sobiq ittifoq hududidagi mamlakatlardan etishib chiqqan futbolchilarni hisoblab chiqdi. Unga ko‘ra, bu galgi Evropa Chempionlar ligasida bu mintaqadagi ettita davlatdan jami 35 nafar charm to‘p ustasi qatnashar ekan.
Ular haqida batafsil to‘xtalamiz.
Chempionlar ligasining guruh bahslarida Ukrainaning “Shaxtyor” jamoasi o‘ynaydi. Shu bois, eng ko‘p vakil Ukrainadan bo‘ladi. Umumiy hisobda, turnirda jami 27 nafar ukrainalik futbolchi musobaqa qaydnomasiga kiritilgan. Shulardan 24 nafari “Shaxtyor” jamoasi a’zolari ekani qayd etildi.
Ukrainalik legionerlardan himoyachi Aleksandr Zinchenko Londonning “Arsenal”, darvozabonlardan Andrey Lunin Madridning “Real”, Anatoliy Trubin Lissabonning “Benfika” jamoalari sharafini himoya qiladi.
Qit’a miqyosidagi turnirda Gruziyaning uch futbolchisini ko‘rishimiz mumkin. Italiya chempionligini qo‘lga kiritgan o‘tgan mavsum kashfiyoti Xvicha Kvaratsxeliya “Napoli”dagi sarguzashtlarini eng butun Evropa bo‘ylab davom ettiradi. Uning vatandoshlari – Irakli Azarov va Georgiy Gocholeishvili “Shaxtyor”ga yordam beradi.
Kutilmagan nomzod Estoniyadan. Karl Xeyn Londonning “Arsenal” jamoasi zaxira darvozaboni hisoblanadi. Balki u Chempionlar ligasida biror marotaba maydonga tushmas. Lekin 21 yoshli golkiperning qaydnomaga kiritganining o‘zi yutuq hisoblanadi.
Sanktsiyalar tufayli Rossiya mintaqaviy bellashuvlarga jamoalarini jo‘nata olmaydi. Butun Rossiyaliklar yaqindagi “Real Sosedad”ga ko‘chib o‘tgan Arsen Zaxaryan hurmatidan Ispaniyaning ushbu jamoasiga ishqibozlik qilishiga to‘g‘ri keladi.
Armanistonning eng yorqin yulduzi Genrix Mxitaryan “Inter” safida o‘z tajribasini yoshlarga o‘rgatmoqda. 35 yoshli hujumkor futbolchi bu yil ham Chempionlar ligasida yuqori natijalar uchun kurashishi kutilyapti.
Qisqa tanaffusdan keyin O‘zbekiston futbolchisining nomi yana Evropa Chempionlar ligasi qaydnomasidan joy oldi.
Ko‘pchilik hali hamon Jasurbek Yaxshiboevning “Sherif” (Moldova) jamoasi safida Santyago Bernabeu stadionida “Real” darvozasini ishg‘ol qilganini unutganicha yo‘q. Bu goldan keyin iste’dodli futbolchimizning “ko‘hna qit’a”dagi yulduzli onlari uzoq davom etmadi. Hozir u “Navbahor” safida Osiyo Chepionlar ligasini zabt etishga bel bog‘lagan.
Bu gal Chempionlar ligasida o‘ynash cheki Abdulqodir Husanovga tushgan. 19 yoshli futbolchimiz Frantsiya vitse-chempioni “Lans” safida hali rasmiy debyutini nishonlamagan bo‘lsa-da, Evropaning eng nufuzli musobaqasida maydonga tushishi umid qilib turibmiz.
Abduqodir Husanov Evropa Chempionlar ligasidagi Markaziy Osiyoning yagona vakili emas. Todikistonlik Xusrav Toirov Donetskning “Shaxtyor” jamoasiga qo‘shilgan. Bu orqali u ham o‘z yurti futbolini Evropa maydonida namoyish qilish imkoniga ega.
Fikrlar