
Husanovga Angliya chempionligi uchun kurashayotgan superklub qiziqmoqda!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Lans” klubi universal himoyachisi Abduqodir Husanov Evropada tanila boshladi.
Futbol uchrashuvlarini tahlil qilayotgan statistika markazlari 20 yoshli futbolchimizning himoya chizig‘ida bexato va jamoasi uchun o‘ta manfaatli o‘ynayotganini qayd etmoqda. Aksariyat ekspertlar joriy mavsumni yuqori saviyada o‘tkazayotgan hamyurtimiz grand klublar nazaridan chetda qolmasligini haqida fikr bildirayotgan edi.
Frantsiyadagi insayderlar mamlakatning grand klubi PSJ o‘zbek futbolchisiga e’tibor qaratgani haqida yozganiga ancha bo‘ldi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Angliya Premer-ligasining superklublaridan “Arsenal” ham Abduqodir Husanovni kuzata boshladi.
“Arsenal” yosh va yorqin ist’edodlarni topib, ularni yuqori malakali yulduzlarga aylantirishga usta jamoalardan hisoblanadi.
London shahri sharafini munosib himoya qilib kelayotgan “kanonirlar” avvaldan Frantsiya chempionatidan yangi nomlarni topishga e’tibor qaratib keladi. Hozirgi tarkibdagi himoyachilardan Vilyam Saliba va Gabriel Magalyaes Liga 1 o‘yinlarida pishgan o‘yinchilardir.
Bugungi kunda nafaqat Evropa, balki jahon miqyosida eng yaxshi himoyachilardan biri sifatida e’tirof etib kelinayotgan 23 yoshli Vilyam Saliba o‘z yurtida “Sent-Eten”, “Nitstsa” va “Marsel”da tajriba to‘plagan.
Braziliyalik Gabriel 2017 yili Evropaga ko‘chib kelganida “Lill”dan boshpana topgan. Orada “Trua”da tajriba to‘plagan.
“Arsenal” bu ikki o‘yinchini 25-30 million evro atrofidagi mablag‘ evaziga transfer qilgan va bugungi kunda bu summa biri necha baravarga oshdi.
“Kanonirlar”ning Frantsiya chempionatidan himoyachi qidirayotgani va ularning nazari Abduqodir Husanovga tushgani haqida news.dayfr.com portali ma’lumot tarqatdi.
- “Arsenal” himoya chizig‘ini yanada mustahkamlashni maqsad qilgan. “Kanonirlar” Liga 1 o‘yinlarida hammada zo‘r taassurot qoldirayotgan “Lans” himoyachisi Abduqodir Husanovni kuzata boshladi.
Bosh murabbiy Mikel Arteta ayni paytda o‘z jamoasining markaziy himoyachilariga hech qanday e’tiroz bildira olmaydi. Vilyam Saliba va Gabriel Mashalyaes Premer-liganing eng ishonchli himoyachilari qatoriga kiradi. Biroq “kanonirlar” Liga 1 dan olib kelingan bu futbolchilar o‘yinidan ta’sirlangan holda yana Frantsiya chempionatidan himoyachi olmoqchi, - deb yozdi bu haqida news.dayfr.com portali.
Bir necha manbalar, xususan, Football Transfers nashri “Arsenal” mutasaddilari Frantsiya chempionatini muntazam kuzatib borayotgani va ularning e’tiboriga “Lans”da ishonchli o‘yin namoyish qilayotgan o‘zbekistonlik legioner Abduqodir Husanov tushganini ma’lum qildi.
Bu bejiz emas, albatta. Mavsum boshida “Lans”ning asosiy himoyachisi Kevin Danso safdan chiqqan pallada 20 yoshli o‘zbek futbolchisi himoya markazida nafaqat avstriyalik o‘yinchining yo‘qligini bildirmadi, balki undan ham yaxshi o‘ynay olishini ko‘rsatdi.
Ko‘pchilikka legionerimizning universal va serqirra o‘yinchi ekani ma’qul kelmoqda. Buni “Lans” bosh murabbiyi Uill Still ham tan oldi.
- Abduqodir superfutbolchi va juda tez o‘syapti. U jismonan baquvvat va serqirra. Husanov yozda Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etdi. Biz mavsum boshida o‘zaro suhbatlashdik va unga Parij Olimpiadasida nafaqat futbol, balki boshqa sport turlari bo‘yicha ham musobaqaga kirishishi kerakligini aytdik. Chunki uning jismoniy holati shunga mos. U o‘zining xotirjamligii bilan hammaning hurmatini qozona oldi, - dedi Uill Still.
Abduqodir Husanovning kelajagini Angliya vitse-chempionlari bilan bog‘lagayotgani bejiz emas. “Lans” futbolchilari ham bir kun kelib o‘zbek legioneri grand klublarga o‘tib ketishiga ishonadi.
- Husanov zamonaviy himoyachi. Biz uning qanday ko‘tarilayotganini ko‘rib turibmiz. Hammamiz Abduqodir safimizda uzoqroq qolib, jamoaga yordam berishini xohlaymiz. Lekin uning jahonning eng katta klublarida o‘ynash salohiyati borligi shubhasiz, - dedi “Lans” futbolchisi Anjelo Fuldjini.
Darhaqiqat, “Lans” Abduqodir Husanovni 2023 yilnig yozida Belarus chempionatidan 100 ming evroga transfer qilgandi. Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world portali legionerimizning transfer summasi 5 million evroga etganini tasdiqladi. Aksariyat manbalar mavsum oxiriga borib, Husanovning transfer narxi yana ko‘tarilishini ta’kidlamoqda.
Bunaqasini Husanovdan hech kim kutmagan edi...
Fikrlar