
Husanovning Frantsiyadagi transferi qanday baholandi?
Frantsiya chempionatida ham qisqa muddatli tanaffus e’lon qilingani bois futbol ekspertlari mavsumning birinchi qismini tahlil qilish bilan band.
Nufuzli manbalardan biri - le11hdf.fr sayti eksperti Romen Peshon “Lans” jamoasining yozgi transferlar orasida eng muvaffaqiyatli bo‘lgan o‘yinchilar haqida to‘xtaldi.
Umuman olganda, lansliklar yangi mavsum oldidan sakkiz nafar futbolchining transferiga xarajat qildi. Klubga eng qimmat tushgan o‘yinchi Ele Vaxi bo‘ldi. “Monpele” hujumchisini olish uchun 30 million evro kerak bo‘ldi.
Eng arzon transfer – Abduqodir Husanov. O‘zbek futbolchisi uchun frantsuzlar Belarusning “Energetik-BGU” jamoasi hisobiga 100 ming evro o‘tkazib berdi. Himoyani mustahkam ushlab turgan Husanov ketganidan keyin minsklik talabalar Belarus chempionati oliy ligasidan tushib ketdi.
Romen Peshon “Lans”ga yozda kelgan charm to‘p ustalari orasidan to‘rt nafarining debyuti muvaffaqiyatli chiqqanini ta’kidladi.
Ruben Agilar
Rebun “Monako”da o‘yin amaliyotisiz qolib ketgan edi. “Lans”ga o‘tib to‘g‘ri qaror qabul qildi. 3,5 million evroga xarid qilingan o‘ng qanot himoyachisi Evropa Chempionlar ligasida kam o‘ynagan bo‘lsa-da, milliy chempionatda 1041 daqiqa to‘p tepdi.
Murabbiylar shtabiga bu futbolchining samaradorligi ma’qul keldi. Ruben himoyani mustahkam ushlash barobarida hujumdagi jamoadoshlariga uchta o‘tkir pas berdi. O‘z qanotida hujumchi Florian Sotoka bilan hamjihatlikda o‘ynayapti.
Nil Al-Aynaui
Yozda “Nansi”dan 600 ming evroga olib kelingan futbolchidan boshida hech kim katta natijalarni kutgani yo‘q. “Lans”ga kirishib ketishiga beshta uchrashuvdan iborat diskvalifikatsiyasi ham to‘sqinlik qila olgani yo‘q. 22 yoshli futbolchi yangi jamoasida gollar hisobini ochishga ham ulgurdi.
Abduqodir Husanov
“Lans” murabbiylar shtabi yosh futbolchini markaziy himoya rotatsiyasida to‘rtinchi yoki beshinchi o‘yinchi sifatida qabul qilayotgan edi. Biroq, bosh murabbiy Frank Xeyz beshinchi turda Husanovni boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirishiga to‘g‘ri keldi.
Abduqodir o‘zi qatnashgan uchrashuvlarda yosh bo‘lishiga qaramay, etuk futbolchilardek o‘ynadi. 19 yoshli himoyachi klub rahbariyati va muxlislariga katta salohiyat egasi sifatida umid beryapti. Ayni paytda o‘zbek futbolchisi jamoaning eng salohiyatli topilmalaridan biri bo‘lib turibdi.
Husanov Frantsiya chempionati va Evropa Chempionlar ligasida jami sakkizta o‘yinda qatnashdi va umumiy hisobda 439 daqiqadan ko‘proq o‘ynadi. Legionerimiz ligada “Mets”, “Lill”, “Klermon”, “Reyms” va “Nitstsa”ga qarshi bahslarni boshlang‘ich tarkibda boshladi va ulardan uchtasini to‘liq o‘tkazdi. 15-turda “Monpele” maydonida kechgan bellashuvda 65-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shildi.
Abduqodir Husanov Chempionlar ligasi guruh bosqichida “Arsenal” va “Sevilya” bilan o‘yinlarda ishtirok etdi.
Nampalis Mendi
Mavsum boshida “Tuluza” ijaradagi futbolchisi Stiyn Spieringsni “Lans”dan qaytarib olganidan keyin Frank Xeyz e’tiborini Nampalis Mendiga qaratdi. Senegal terma jamoasining 31 yoshli futbolchisi “Lester”dagi faoliyatini tugatib, jamoasiz qolgandi. Mendi “Lans”ga kelib, jamoa etakchilaridan Seko Fofananing ketishi ortidan ancha zaiflashib qolgan yarim himoyani mustahkamlashga erishdi.
Shu tariqa, Nampalis Mendi Frantsiya vitse-chempioni uchun qutqaruvchi rolini o‘ynayotgan futbolchiga aylandi.
Nihoyat, Fayzullaev muxlislar va mutaxassislarga murojaat yo‘lladi
Shomurodov yo‘q, O‘zbekistonning Osiyo kubogidagi eng xavfli futbolchisi kim?
O‘zbekistonning Osiyo kubogidagi raqibi Suriya Rossiyadan Fayzullaevni yaxshi biladigan futbolchini chaqirdi!
Fikrlar