
“Inter” ikki yulduzidan birini sotishga majbur
Koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan vaziyat “Inter”ning moliyaviy imkoniyatlarini ham chegaralab bormoqda. Milanliklar murakkab vaziyatdan chiqish uchun ikki yulduz – Romelu Lukaku va Lautaro Martinesdan birini sotishiga to‘g‘ri keladi.
“Inter” uchun Romelu Lukakuni sotish katta foyda keltiradi. Chunki 27 yoshli to‘purar xizmatiga “Chelsi”, “Manchester Siti”, PSJ”, “Real”, “Barselona” kabi klublar jiddiy qiziqish bildirmoqda. Milanliklar tarkibida 62 ta uchrashuvda 42 ta gol urgan futbolchining transferidan 70-80 million evro ishlab olish mumkin.
“Inter” o‘tgan yozda ham Lautaro Martinesning transferidan daromad olishi mumkin edi. Biroq, argentinalik yulduzni 111 million evroga baholagan klub rahbariyati “Barselona”ning bir necha taklifini rad etdi. Bu yozda esa Martinesning bozori ham qiziydi.
Jamoa bosh murabbiyi Antonio Konte ikki hujumchidan biri ketadigan bo‘lsa, ularning o‘rnini yozda erkin agentga aylanadigan “Manchester Siti” tarixidagi eng zo‘r to‘purar Serxio Aguero bilan to‘ldirishni mo‘ljallamoqda.
Fikrlar