
Iroq bosh murabbiyi: "O‘zbekistonga qarshi qanday rejalarimiz borligini ertaga ko‘rasiz"
20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi finalidan o‘rin olgan O‘zbekiston - Iroq uchrashuvidan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanida iroqliklar bosh murabbiyi Emad Muhammad ishtirok etib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Barcha o‘yinlarimiz qiyin bo‘ldi. Finalgacha bosib o‘tgan yo‘limiz og‘ir edi. Jahon chempionatiga chiqishni uddaladik. Endi maqsadimiz - musobaqa chempioni bo‘lish.
Yarim finalda Yaponiyaga qarshi bahs olib bordik. Ular juda kuchli jamoa ekanini isbotlashdi.
O‘zbekistonga qarshi ikkinchi uchrashuvni o‘tkazyapmiz. Guruh bosqichida mag‘lub bo‘ldik, to‘g‘ri. Ammo o‘sha bahsdagi xatolardan xulosa chiqargan holda g‘alaba qozonishni istaymiz. Fikrimcha, O‘zbekiston o‘z uslubiga ega jiddiy raqib. Finalga alohida tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Balki, o‘yin yana ekstra-taymlargacha borar.
Hamma bellashuvlardan nimalardir o‘rganyapmiz. Yutgan va yutqagan uchrashuvlar bizning kamchiliklarimizni ko‘rsatib bera oldi. Ertaga ehtiyotkor harakat qilishimiz kerak. Raqib bizga qarshi hujumkor o‘yin ko‘rsatishi katta ehtimol. Sababi, ular o‘z maydonida va muxlislar qarshisida to‘p tepadi.
Finalga alohida rejalarimiz bor. Ammo qanday ekanini ertaga ko‘rasiz (kuladi).
Barcha uchrashuvlarda biz turli usullarda harakat qildik. Hal qiluvchi bahsda o‘zgarishlarga qo‘l urish xatarli. Ammo tarkibda qisman o‘zgarish bo‘ladi.
Ertaga qanday bahs bo‘lishini taxmin qilish juda qiyin. Bu Iroq uchun muhim ekanini ayta olaman, xolos", - dedi murabbiy.
Fikrlar