
Islom To‘xtaxo‘jaev: "Biz ham mundialda qatnashishni orzu qilgandik, ammo tomosha qilish nasib qilgan ekan"
Qatarda o‘tayotgan mundial asta-sekin o‘z manzili tomon yaqinlashib kelmoqda. Favoritlar saralanib, jahon chempionati Kubogi sohibini aniqlab olish uchun vaqt oz qoldi.
Mazkur mundialni o‘z ko‘zi bilan ko‘rayotgan futbolchilarimiz ham bor. Qatar chempionatida faoliyat olib borayotgan legionerlarimizning bu boradagi fikrlarini sizlarga taqdim etib kelmoqdamiz. Bu safar “Al-Garafa” klubi sharafini himoya qilayotgan Islom To‘xtaxo‘jaev bilan bog‘landik. U jahon chempionatidan olayotgan taassurotlari va o‘z jamoasidagi o‘zgarishlar haqida gapirdi.
“Menga kim chempion bo‘lishini farqi yo‘q”
- Shu kungacha jahon chempionatining 5-6 ta o‘yinlarini stadionda tomosha qildim, - deya gap boshladi, To‘xtaxo‘jaev. - Barcha uchrashuvlar bayramdek kechmoqda. Ko‘z tegmasin juda ham ajoyib o‘tyapti. To‘g‘risi, men muxlislik qilayotgan terma jamoalar Braziliya va Portugaliya edi. Lekin ular yarim finalga chiqa olmadilar. Men ko‘proq chiroyli o‘yinga ham muxlislik qilyapman. Shu bois menga kim chempion bo‘lishining unchalik farqi yo‘q.
“Mundialdan so‘ng darhol ichki chempionat boshlanadi”
- Jahon chempionati paytida bizga ko‘p ham dam berilmadi. Faqat 3-4 kun dam oldik xolos. Biz har kuni klubimiz bilan mashg‘ulotlarni davom ettirib kelyapmiz. Chunki bu erda jahon chempionati tugaganidan so‘ng darhol ichki chempionat boshlanadi. Shuning uchun tayyorgarlik ko‘rishda davom etyapmiz.
“Yangi murabbiyning uslubi samara beradi, degan umiddamiz”
- "Al-Garafa"ga kelgan portugaliyalik yangi murabbiy hamma futbolchilar bilan iliq munosabatda. Bilasiz, har bir mutaxassisning futbolga yarasha o‘z qarashlari bo‘ladi. Yangi kelgan murabbiy ham o‘zining taktik uslublarini o‘yinchilarga tushuntirishga harakat qilyapti. Birgalikda ishlayapmiz va samarasini beradi, degan umiddamiz. Bosh murabbiyimizning qarashlari ko‘proq hujumkor futbol va tezkor o‘yinga ixtisoslashgan.
“Kattalar o‘rtasidagi mundial baribir boshqacha”
- Yuqorida aytib o‘tganimdek, jahon chempionati chinakam katta bayramdek o‘tyapti. Qatar o‘zi mezbonlik qilayotgan mundialni a’lo darajada tashkillashtirmoqda. Muxlislar uchun hamma sharoitlar yaratilgan. Biz Misrda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etgandik. Albatta, kattalar o‘rtasidagi mundial boshqacha. Biz ham mundialda qatnashishni orzu qilgandik, ammo tomosha nasib qilgan ekan.
“Hozircha Osiyo grandlaridan biroz orqadamiz”
- Futbol hamma joyda o‘syapti. Bu sport turiga barcha erda qiziqish katta. Shu qatori Osiyoda ham rivojlanyapti. Ushbu jahon chempionatida Osiyo terma jamoalari juda iliq taassurot qoldirishdi. Saudiya Arabistoni, Eron, Koreya, Yaponiya va Avstraliya Osiyoning grandlari. Biz hozircha ulardan biroz orqaroqdamiz. Lekin o‘rtadagi farq u qadar katta emas. To‘g‘ri yo‘nalishda o‘ynasak bemalol ularning darajasiga etib olsak bo‘ladi.
“3-o‘rin uchun o‘yinga chiptam bor”
- Oldinda yana 3-o‘rin uchun bahsga chiptam bor. Bu erda chiptalarni FIFA saytidan olinadigan qilib qo‘yishgan. Qatarda bo‘lasizmi yoki boshqa davlatdami, faqat onlayn orqali sotib olishingiz mumkin xolos. Shunday qilib, futbol o‘yinlariga chiptalarni sotib olyapmiz. Xitoylik do‘stim ham kelgan. Unda ham ko‘p chiptalar bor edi. Do‘stlar bilan birga kirishga ham muvaffaq bo‘ldik.
“Al-Garafa” bilan yuqori o‘rinlar uchun kurashyapmiz”
- Rejalar o‘sha-o‘sha. “Al-Garafa” bilan yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritish uchun kurashishda davom etamiz. Yanvarda qishki transfer oynasi ochiladi. Ana shunda ko‘p narsa aniq bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar