
Jahon chempionati: Kim qancha oltin medal oldi?
Toshkent shahri ilk marotaba mezbon qilayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatining birinchi kungi final bellashuvlari yakunladi.
Xalqaro boks uyushmasining bu galgi jahon chempionatida dunyoning 107 mamlakatidan 538 nafar bokschi ringga chiqdi. Ular orasida 13 vazn toifasida ikkitadan bokschi oltin medal va jahon chempionligi nomi uchun jang qilmoqda.
Birinchi kungi finallarda O‘zbekiston terma jamoasi vakillari yuz foizli natija ko‘rsatib, muxlisu mutaxassislar ishonchini oqladi.
O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga jahon chempionatining birinchi oltin medalini Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev keltirdi. Iste’dodli yosh bokchimiz vazni 67 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi finalda Qozog‘iston terma jamoasi vakili Dulat Bekbauovni ochkolar hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Olimpiya o‘yinlari chempioni Hasanboy Do‘smatov nihoyat jahon chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. 51 kilogrammgacha vazn toifasidagi bokschilar finalida Hasanboy frantsiyalik Bilol Bennamani nokautga uchratib, terma jamoamiz hisobiga ikkinchi oltin medalni keltirdi.
O‘ta og‘ir vazn toifasida dunyoning eng kuchli bokschilaridan hisoblangan Bahodir Jalolov yana tengsiz ekanini ko‘rsatdi. Jahon chempionligi uchun kechgan jangda Kuba terma jamoasi vakili Arzola Lopes o‘zbek bokschisining zarbalariga dosh berolmadi.
Bahodir Jalolovga bir raund kifoya qildi. Kubalik bokschi kuchli zarbadan keyin jangni davom ettira olmadi.
Birinchi kungi finallardan keyin O‘zbekiston terma jamoasi uchta oltin medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda bormoqda.
Yana uchta mamlakat – Qozog‘iston, Kuba va Frantsiya terma jamoalari bittadan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Eng engil vazn toifasi – og‘irligi 48 kilogrammagacha bo‘lgan bokschilar bahsida qozog‘istonlik Sanjar Toshkenbay gruziyalik Saxil Alaxverdovini mag‘lub etib, o‘z faoliyatida ilk bor jahon chempioni bo‘ldi.
Kubalik Yoenlis Ernandes 75 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar finalida braziliyalik Vanderley Pereyrani ochkolar hisobida mag‘lubiyatga uchratib,terma jamoasiga birinchi oltin medalni taqdim etdi.
Og‘irligi 60 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida frantsiyalik Sufyon Umia kubalik Erislandi Alvaresni engib, terma jamoasiga oltin medal keltirish barobarida uch karra jahon chempioni bo‘ldi.
14 may kuni yana etti vazn toifasida final janglari o‘tkaziladi.
Shulardan to‘rttasida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari – Oybek Jo‘raev, Abdumalik Halakov, Ruslan Abdullaev va Saidjamshid Ja’farov ringga ko‘tariladi.
Fikrlar