Javohir Sindarov: "Turnirni gʻalaba bilan yakunlaganimdan juda xursandman"
"Tata Steel Chess Tournament Masters 2026" yakuniy turida Javohir Sindarov gʻalabaga erishib, turnirni 8,5 ochko bilan yakunladi. U "Masters" guruhida magʻlubiyatsiz oʻynagan yagona shaxmatchi boʻldi va yakunda ikkinchi oʻrinni egalladi.
"Turnirni gʻalaba bilan yakunlaganimdan juda xursandman. Bugun juda yaxshi oʻynadim. Albatta, blits tay-breykka chiqish imkoniy boʻlmagani biroz achinarli, lekin baribir juda baxtliman — ayniqsa doʻstim Nodirbek uchun. U bunga chin dildan loyiq edi. Bu yerda toʻrtinchi bor oʻynadi va oldin doim ikkinchi yoki uchinchi boʻlgan, endi esa nihoyat turnirni yutdi. U ajoyib musobaqa oʻtkazdi.
Bunday yirik turnirda birinchi va ikkinchi oʻrinni egallash — mamlakatimiz uchun ulkan muvaffaqiyat. Bu federatsiyaning bizni qanday qoʻllab-quvvatlayotganini koʻrsatadi. Aynan shu yordam tufayli biz bunday natijalarga erishyapmiz.
Kecha Pragnanandhaa bilan partiyada debutdayoq yurishlar takroriga rozi boʻlgani koʻpchilikni hayratga solgan edi. Sindarov bu qarorni shunday izohladi:
— Rostini aytsam, men bu variantni shunchaki unutibman. Nazariya juda katta edi va muhim soʻnggi tur oldidan durangga rozi boʻlib, bugungi partiyaga yaxshiroq tayyorlanish imkonini oldim. Bugun debutda juda ishonchli oʻynadim va deyarli vaqt sarflamadim.
Gʻalabalar orasida eng yoqqani — Blyubaumga qarshi match. Duranglar ichida esa Gukeshga qarshi partiya: oʻsha oʻyinda pozitsiyam haqiqatan ham yutqazilgan edi, lekin juda yaxshi himoyalandim. U kompyuterdek hujum qildi, ammo men bardosh berdim.
Navbatdagi turnir — oʻn kundan keyin boʻladigan Freestyle Chess boʻyicha Jahon chempionati. Birinchi oʻrinda, avval dam olaman. Turnir juda ogʻir boʻldi, kuchimni tiklab, keyin yana maksimal natija uchun harakat qilaman.
Fikrlar