
JCh-U20: Maskerano boshqarayotgan, tarkibida "Siti", "Barselona", "Yuventus", "Inter" futblchilari o‘ynaydigan va O‘zbekiston terma jamoasidan 25 baravar qimmat bo‘lgan Argentina haqida gaplashamiz
Xabaringiz bor, 20 may kuni O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi jahon chempionatining ilk uchrashuvini mezbon Argentinaga qarshi o‘tkazadi. Shu o‘rinda keling, bo‘lajak raqibimiz haqida ayrim qiziqarli ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.
Argentina U20 terma jamoasi bosh murabbiyi “Livrpul” va “Barselona” kabi mashhur klublarda porlagan Xaver Maskerano ekanligini bilarmidingiz? Mamlakatning yoshlar terma jamoasi 2021 yilning dekabrida murabbiylik faoliyatini boshlaganiga hali uncha ko‘p bo‘lmagan 38 yoshli mutaxassisga ishonib topshirilgan. Ko‘ramiz, Maskerano futbolchilik faoliyatida o‘rgangan bilim va tajribalarini qay darajada amalda qo‘llay oladi.
Endi jamoa tarkibiga nazar tashlasak. Dunyoga mashhur Transfermarkt portali talqiniga ko‘ra, jaoaning eng qimmat futbolchisi Maksimo Perrone bo‘lib, uning ayni damdagi transfer narxi 10 million evroni tashkil etadi. “Manchester Siti”ga tegishli bo‘lgan 20 yoshli futbolchi asli "Veles Sarsfild" klubi akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U asosiy jamoa tarkibidagi debyutini 2022 yil 6 mart kuni “Estudiantes”ga qarshi o‘yinda o‘tkazgan. 2022 yil 18 may kuni u Libertadores kubogi doirasida Urugvayning “Nasional” klubiga qarshi o‘yinda esa "Veles Sarsfild" safidagi birinchi golini urdi. 2023yilning 23 yanvarida “Manchester Siti” klubi Perronening transferini e’lon qildi. Ta’kidlash kerakki, Perrone bundan avval Argentina o‘smirlar terma jamoasida ham to‘p surgan.
Argentina yoshlar terma jamoasi tarkibidan shuningdek, Diego Valentin Gomes (4,5 mln evro), Agustin Jay (4 mln), Alexo Velis (4 mln), Matias Sule (4 mln), Valentin Karboni (4 mln), Ignasio Miramon (3 mln), Jino Infantino (3 mln), Xuan Gauto (3 mln), Mateo Tanlong (2,5 mln) va Brian Agirre (2 mln) kabi yosh yulduzchalar ham joy olgan. Qayd etish lozimki, ushbu futbolchilar “Barselona”, “Inter”, “Yuventus” va “Sporting” kabi mashhur jamoalar a’zolari hisoblanishadi.
Umuman olganda jahon chempionatida ishtirok etadigan Argentina yoshlar terma jamoasining umumiy narxi 50 million evrodan oshadi. Musobaqa muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda, balki ushbu summa bir necha o‘n barobarga ortishi ham mumkin.
Taqqoslash uchun, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining hozirgi narxi bor yo‘g‘i 2 million evrodan sal oshadi xolos. Tarkibimizdagi eng qimmat futbolchilar esa Umarali Rahmonaliev (350 ming evro) va Abbosbek Fayzullaev (300 ming) hisoblanadi. Ishonamizki, "Rubin" va "Paxtakor" a’zolarining transfer narxlari ushbu mundialdan so‘ng bir necha barobarga oshadi.
Biz esa yoshlarimiz jiddiy raqibga qarshi munosib o‘yin namoyish eta olishiga umid bog‘lab qolamiz. Har holda Ravshan Haydarov jamoasi mundialga Osiyo chempioni sifatida yo‘l olgan.
Eslatib o‘tamiz, Argentina – O‘zbekiston uchrashuvi 20 maydan 21 mayga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 02:00 da boshlanadi. Guruhning ikkinchi o‘yini esa 23:00 da Gvatemala hamda Yangi Zellandiya terma jamoalari o‘rtasida start oladi.
Baxtiyor Toshtemirov
Fikrlar