
Kechagina "Golden boy" sovriniga ega chiqqan yigit bugun 5,5 million evro o‘g‘irlaganlikda ayblanmoqda!
"U shunchaki fantastik futbolchi! Anderson boshqacha!",-deb unga ta’rif bergan Aleks Fergyusson ko‘p o‘tmay uni sotib olib xato qilganini anglagan bo‘lsa, ajab emas. Yaqindagina dunyoning eng iqtidorli charm to‘p ustasi maqomidagi yigit hozir qamoqqa ravona bo‘lish arafasida turibdi. Keling, uning hayotiga bir nazar tashlaymiz.
EChL va "Golden boy"
2005-yilda Martin Fergyuson 17 yoshli braziliyalik haqida ukasi Aleks Fergyusonnga to‘lqinlanib so‘zlab berdi. "Gremio"dan "Portu"ga ko‘chib o‘tgan yigitcha maydon markazida porlashi va kelajakda super yulduzga aylanishi aniqligini bashorat qildi. 2 yildan so‘ng, "qizil iblislar" Anderson uchun "ajdarlar"ga 32 million evro to‘lab berdi.
Angliyaga ko‘chib kelishi bilan klub unga 8 raqamni topshirdi. Ser Aleks bu qarori bilan 19 yoshli yigitchaga ulkan ishonch bildirayotganini butun dunyoga e’lon qildi. Uning faoliyatida burilish yasagan voqea esa, 2008-yildagi EChL finalida sodir bo‘ldi. 120 daqiqada Feryusson zaxiradagi Andersonni maydonga tashladi. Penaltilar seriyasida mas’uliyatdan qochmagan yarim himoyachi 11 metrlik nuqtadan aniq zarba yo‘lladi. Shu tariqa, qahramonimiz o‘z faoliyatidagi ilk imtihonni a’lo darajada topshirdi.
Keyingi mavsum to‘liqligicha Andersonga ataldi. U maydonda texnikasini ko‘z-ko‘z qilar, yakka kurashlarda raqiblarni hech qachon ayamadi. Evaziga, "Old Trafford" yoqimtoyiga aylandi. Aniq paslar va maydonni yaxshi ko‘ra olishi sababli Ser Aleks uni asosiy tarkib futbolchisiga aylantirdi.
2008-yil yakunida futbolchi faoliyatidagi birinchi shaxsiy sovringa ega chiqdi. Evropaning eng yaxshi yosh futbolchisiga atalgan - "Golden boy" uchun kurashda unga raqib topilmadi. Sovrinning o‘sha davrdagi darajasini anglab olishingiz uchun Andersonga qadar uni kimlar olganiga e’tibor qarating: Leo
Messi, Sesk Fabregas va Serxio Aguero!
2009-yilda Adidas marketing bo‘limi rahbari - Joslan Robio kelajakda kompaniyaning yuzi Anderson bo‘lishini taxmin qiladi:
"Hozir Kaka bizning jahon bozoridagi ambasadorimiz sanaladi. O‘ylashimcha, 4-5 yildan so‘ng yoshroq futbolchi uning o‘rnini egallashi shart. Bizda ikki Messi va Anderson variantlari bor. Ularning qay biri yaxshiroq darajaga ko‘tarilsa, ADIDAS ularni Kakaning izdoshi deb e’lon qiladi!"
Bundan 11 yil avval braziliyalik futbolchida super yulduzga aylanish uchun barcha imkoniyat mavjud edi. Mashhurlik, kuchli murabbiy, ajoyib jamoadoshlar, yorqin kelajak! Afsuski, bu omillarning birortasi yakunda Andersonga yordam bera olmadi...
Ikki yildan so‘ng, Andersonda ortiqcha vazn paydo bo‘lgani darrov sezildi. Keyin, jarohatlar seriyasi boshlandi. Achinarlisi shundaki, braziliyalik o‘z karerasini "fast food" va mas sabab "ko‘mib yubordi".
U bilan bir jamoada to‘p surgan boshqa bir braziliyalik - Rafael Andersonni quyidagicha yodga oladi:
"Biz birga mashinada yo‘lga chiqsak, "Mc Donalds"ni ko‘rishi bilan u: "to‘xtat, to‘xtat" deb baqirib qolar, har safar bir nechta gamburgerlarni harid qilib tinchlanar edi. Mashg‘ulotlardan so‘ng, noto‘g‘ri ovqatlangani sababli tezda sport formasini yo‘qotdi. Agar, u professional bo‘lganida, bu qadar erta olimpdan tushib ketmagan bo‘lar edi."
2010-yilga kelib, u va Ser Aleks o‘rtasida janjal bo‘ldi. Yarim himoyachi murabbiyning ruxsatisiz Braziliyaga yo‘l oldi. Qaytgach, klub 80 ming funt jarimaga tortdi. Bu jazoga parvo qilmagan Andersonni murabbiy "Lion"ga ijara asosida yuborishga qaror qiladi. Aynan shu voqea mutaxassisning unga bo‘lgan ishonchiga putur etishiga sabab bo‘ldi. Bir oy o‘tgach, Anderson tizzasidan og‘ir jarohat oldi va mavsum yakuniga qadar safdan chiqdi. Tiklanish jarayoni yaxshiroq kechishi uchun "Manchester Yunayted" uni Portugaliyaga jo‘natib yubordi. Bir haftadan so‘ng, futbolchi tonggi soat 6 da avtohalokatga uchraydi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Anderson tungi klubda vaqt o‘tkazgan va mast holda mashina haydagan ekan. Jarohatidan forig‘ bo‘lganiga qaramay, Ser Aleks uni kechirmadi. Murabbiy postni topshirguniga qadar boshqa Anderson maydonda ko‘rinmadi. 8 mavsum klub sharafini himoya qilgan yigit umumiy hisobda atigi 105 uchrashuvda to‘p surdi xolos.
Shunga qaramay, u "qizil iblislar" safidagi sarguzashtlaridan afsuslanmasligini bir necha bor ta’kidladi:
"Faoliyatimga afsuslanmaymanmi? Hech qachon! Menga "Manchester Yunayted" darajasidagi klubning a’zosi bo‘lish baxt nasib qildi. Kelajakda nabiralarimga APL oltin medallariga 4 bor ega chiqqanimni faxr bilan aytib beraman. To‘g‘ri, jarohatlar rejalarimni barbod qildi, biroq hech narsaga afsuslanmayman!"
Aslida, uning "tumanli albion"da omadsizlikka uchrashida Ser Aleks ham qisman aybdor. Anderson "Gremio" va "Portu"da hujumchi ortida to‘p surganiga qaramay, Fergyoson uni tayanch zonasida to‘p surishga majbur qildi. Murabbiy shu tariqa Pol Skoulzdan so‘ng, braziliyalikni jamoa yuragi bo‘lishini ko‘zlagan edi. Anderson bildirilgan ishonchni oqlay olmadi. U o‘zini himoyaga yaqin zonada erkin his etmadi. To‘p bilan ko‘proq muomilada bo‘lishni hush ko‘ruvchi yigit to‘liq omadsizlikka uchradi.
Endi u jinoyatda ayblanmoqda!
Quarejmaning maslahati sababli Anderson Turkiya chempionatining ikkinchi ligasi vakili "Adana Demispor", 2019 yilda butsalarini mixga ilib yubordi. Ortga qaytmoqchi edi, ammo klub prezidenti Murat Sanchak uni jamoa strukturasida olib qoldi.
10 yil avval dunyoning eng iqtidorli yosh futbolchisi deb ta’riflangan yigitchani futbolni tark etganini ko‘pchilik sezmay qoldi. 31 yoshida hammasidan charchaganini rasman e’lon qilgan Andersonni ko‘p o‘tmay barchani hayron qoldirdi. U Uyishgan jinoiy guruhga a’zolikda gumondor sifatida so‘roq qilindi.
2020 yilda bir to‘da jinoyatchilar "Santander" bankida saqlanayotgan 5,5 million evroni talan-taroj qilishgan. Bank himoya sistemasini buzib o‘tgach, barcha pullar Braziliyaning 4 ta shtatidagi 11 ta banklarda kreptavalyuta ko‘rinishida echib olingan.
Andersonning advokatlari mijozi bu voqeaga daxlsiz ekanligini aymoqda. Shunga qaramay, u birinchi raqamli gumondor bo‘lib turibdi. Hozirda, futbolchi Turkiyada istiqomat qilyapti. U Braziliyaga qaytmoqchi emas. Agar qahramonimiz Evropani tark etsa, uni qamoqqa olishlari havfi katta.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar