
Kimdir sifatga, kimdir songa qaradi yoxud pro ligada selektsiyadan kim qanday foydalandi?
Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi pro liga karvoni ham yozgi tanaffusdan so‘ng yana o‘z yo‘lida davom etmoqda. Bu erda ham kurash juda jiddiy bo‘lib, tez orada ikkinchi davra bahslari yakun topib, jamoalar ikkita guruhga ajratilgan holda kurashni davom ettirishadi. Superliga klublari kabi pro ligada ham jamoalar transfer oynasi ochilgan mahalda tarkibda o‘zgarishlarga qo‘l urdilar. Selektsiyadan har kim turlicha foydalandi. Quyida e’tiboringizni shu jihatga qaratmoqchimiz.
“Turon”
Turnir peshqadami bo‘lib turgan “Turon” klubi selektsiyada tarkibida uch nafar yangi o‘yinchini qo‘shib oldi. Yozgi yig‘in davomida bir qator yangi o‘yinchilar ko‘rikdan o‘tkazildi va ularning orasidan uchtasi qoldi. Legioner himoyachi Sergey Morozov, O‘zbekiston U-19 terma jamoasi a’zosi Izzatillo Po‘latov va “Yangier”dan Qahramon Bahodirov qo‘shib olindi. 14-turda “Zomin”ga qarshi bellashuvda himoyachi Morozov boshi bilan gol ham urishga erishdi. Bosh murabbiy Anvar Berdiev selektsiyadan qoniqish hosil qilganini ma’lum qildi.
“Andijon”
Liganing yana bir favoritlaridan biri – “Andijon” transfer oynasi vaqtida eng kam o‘yinchilar bilan kelishuvga erishgan jamoa bo‘ldi. Ya’ni, “Burgutlar”faqat ikki nafar futbolchi bilan shartnoma imzoladi. E’tiborlisi, oz bo‘lsa-da, klub juda sifatli transferlarni amalga oshirdi. O‘zi shundoq ham tarkib yaxshi yig‘ilgan, shu sababli songa emas, aynan sifatga e’tibor qaratildi. Dastlab “Yangier”dan Suhrob Berdiev olindi. U asli Superliga futbolchisi va hozir ham bemalol elitada to‘p surib foyda keltirishga qodir. Ikkinchi transfer AGMKdan Zafar Polvonov bo‘ldi. Ularning foydali ish koeffitsienti debyut o‘yinidayoq yaqqol namoyon bo‘ldi. Masalan, Polvonov “G‘ijduvon”ga qarshi ikkinchi bo‘lim boshida maydonga tushib gol urdi va penalti ishladi. Yakunda uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylandi. Suhrob Berdiev esa asosiy tarkibdan joy olib, uchrashuv davomida o‘zining mehnati bilan raqib jamoani bir necha bor shoshirib qo‘yganiga amin bo‘ldik. Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, bosh murabbiy Viktor Kumikov “chertib-chertib” o‘yinchi tanlagani sezilyapti.
“Mash’al”
Superliga uchun yana bir da’vogarlardan biri “Mash’al” 6 nafar yangi o‘yinchi bilan kelishdi. Ularning orasida legioner hujumchi Sergey Molochko ham bor. Bundan tashqari, Nikita Pavlenkoni ham qaytarishdi. “Buxoro”dan Sobit Sindarov bilan Anvar Jo‘raev masalasini hal qilishdi. “Zomin”dan Muzaffar Abdullaev bilan Saidmahmud G‘ulomov tarkibga qo‘shib olindi. Shuningdek, yangi futbolchilar orasida Jaloliddin Bahodirov ham bor.
“Buxoro”
Bu jamoa safida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Kuzatgan bo‘lsangiz, saytimiz orqali “Buxoro”dagi o‘zgarishlarni faol tarzda yoritib bordik. Shavkat Salomov, Bobur Omonov, Firdavs Asadov, Anvar Jo‘raev, Shoxjahon Nasimov, Sobit Sindarov va legionerlarning xizmatidan voz kechishdi. Natijada 10 nafar futbolchi olib kelindi. Ularning orasida Superligada o‘ynayotgan o‘yinchilar ham bor. Ayniqsa, “Paxtakor”dan Humoyunmirzo Iminovning taklif etilishi buxoroliklar uchun juda foydali bo‘ldi. Ma’lumot uchun u “Buxoro”da o‘ynayotgan Sardor Eminovning ukasi hisoblanadi. Endi aka-uka bir klubda o‘ynashadi. Bundan tashqari, “Qizilqum” yarim himoyachisi Jasur Azimov takliflar orasidan “Buxoro”ni tanladi. “Dinamo”dan Timur Ismoilov ham “Buxorochi”ga aylandi. “Yangier”dan 3, “Sho‘rtan”dan 2 nafar futbolchi ham Hakim Fuzaylov qo‘li ostida to‘p suradigan bo‘ldi. Qolaversa, legioner hujumchi Song Longji ham bor. “G‘ijduvon”dan kelgan futbolchi “Buxoro”dagi debyut o‘yinidayoq gol urdi.
“Xorazm”
Kuchli beshtalik uchun kurashayotgan “Xorazm” ham imkon darajasida tarkibini kuchaytirishga harakat qildi. Urganchliklar hammasi bo‘lib 4 nafar futbolchi bilan shartnoma imzoladi. Ularning orasida muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan himoyachi Davron Umirov bor.
“Yangier”
Yozgi selektsiyada eng ko‘p transferni amalga oshirgan jamoa “Yangier” bo‘ldi. Jami 13 nafar yangi o‘yinchilar tarkibga qo‘shib olindi. Shunga yarasha jamoani bir qancha etakchi futbolchilari ham tark etishdi. Bosh murabbiy Diyor Mirzaboev ularni o‘rnini qoplash uchun bir qator futbolchilarni taklif qildi. Yaqinda Sports.uz muxbiriga bergan intervyusida yangi o‘yinchilar orasida Muhammad Isaevning transferini pro ligadagi eng muhim selektsiyalardan biri sifatida baholadi. Darhaqiqat, ushbu futbolchi birinchi davrada Tojikiston chempioni “Istiqlol” safida to‘p surdi va Osiyo Chempionlar ligasida ham debyutini o‘tkazib gol ham urdi. Qolaversa, legioner Diatta Sekouba bilan shartnoma imzolandi. Uning oxirgi klubi Gretsiyaning “Almiros Gazio” klubi hisoblanadi. Yangi taklif qilingan futbolchilar orasida yana quyidagilar mavjud: Abdumalik Toshpo‘latov, Jonibek Mirzaqulov, Xurshid Asqaraliev, Xusan Olimjonov, Islom Baratov, Farruh Hojibekov, Doston Berdiqulov, Abdurahmon Abdulxakov, Alpomish Tilapov, Shodiyor Hojimatov va Kamron Abdulhamidov.
“Sho‘rtan”
Asror Aliqulov bosh murabbiylik qilayotgan G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoasi yozgi selektsiyada kimlarni oldi? Asosan pro ligada to‘p surayotgan futbolchilar qo‘lga kiritildi. Ammo “Bunyodkor” va “Qizilqum”dan ikkita o‘yinchi kelganini ham eslatib o‘tmoqchimiz. Bular – Alfayzi Ne’matov bilan Timur Nabiev. Qolgani “Buxoro”, “Xorazm”, “Zomin” va “Yangier”dan kelishdi. Ja’far Karimov, Jonibek Ko‘chimov, Abdumutal Tursunqulov, Shoxjahon Nasimov, Sherzod G‘ulomjonov va Ulug‘bek Xudoyberdiev. Mavsumning dastlabki qismiga nisbatan biroz bo‘lsa-da, tarkibda kuchayishga erishildi. O‘tgan turda “Xorazm”ni qabul qilgan “Sho‘rtan” jangovar 3:3 hisobida durang o‘ynadi. E’tiborlisi, o‘yin yakuniga 20 soniya qolganida mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi.
“G‘ijduvon”
Buxoro viloyatining yana bir jamoasi – “G‘ijduvon”ga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu erda bosh murabbiy ham o‘zgargan. Endilikda Gennadiy Kochnev ishga kirishdi. Transfer oynasi paytida Ahror O‘ktamov, Davron Isoqov, Iskandar Xolmirzaev, Abdulaziz Jo‘raev, Saidjon Topilov, Akmal Rahimov, Azamat Halilov, Bobur Omonov va Firdavs Asadov qo‘shilishdi. SongLongji, Nodir Ibragimov, Sardor Sulaymonov va yana ayrim o‘yinchilar bilan shartnoma bekor qilindi.
“Zomin”
Moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan Jizzaxning “Zomin” jamoasi bir amallab chempionatdagi ishtirokini davom ettiryapti. Bir qator etakchi o‘yinchilari ketib qoldi. Ularning o‘rniga birinchi liga va pro ligadan ayrim futbolchilar jalb etildi. Jumladan, Diyor Shavqiev, Diyor Yunusov, Aziz Begmatov, Islom Boysariev, Abdulbori Vosidjonov, Iskandar Siddiqjonov, Yodgor Nazarov, Ozod Rajabov hamda Jamoliddin Bahromov “Zomin” sharafini himoya qilishadi.
“Aral Samali”
Kuchsizlanib qolgan “Aral Samali” o‘yinlarda o‘z darvozasidan 6-7 talab gol o‘tkazib yubormoqda. Mavsumning dastlabki qismidan keyin bir qator futbolchilar ketishdi. Murabbiylar ularning o‘rniga asosan mahalliy o‘yinchilarni jalb qilishdi. Jamoaning hozirgi maqsadi pro ligada jon saqlab qolish.
Fikrlar