
Kompani: "Bundesliga chempioni bo‘lish — fantastik tuyg‘u!"
32-tur doirasida "Bavariya" safarda "RB Leyptsig"ga qarshi bahsda 3:3 hisobida durang qayd etdi. Shu bilan birga, asosiy raqiblardan biri — "Bayer" ham "Frayburg"ga qarshi o‘yinda ochkolarni bo‘lishdi (2:2). Bu natijalar orqali myunxenliklar mavsum tugashiga bir necha tur qolganida Bundesligada chempinlikni rasman qo‘lga kiritdi.
"Bavariya" bosh murabbiyi Vensan Kompani jamoaning chempionlikka erishgani haqida quyidagilarni aytdi:
"Endi bizda Bundesligadagi g‘alabadan bahra olish uchun vaqt bor — bu ajoyib tuyg‘u! Mavsum davomida jamoa katta mehnat qildi. Futbolchilarni tabriklayman — ular butun yil davomida ajoyib o‘ynashdi. Buni birgalikda uddaladingiz. Siz jamoa sifatida g‘alaba qozondingiz.
Shuningdek, klubda sahna ortida ishlayotgan barchaga katta rahmat. Ularning mehnati ham juda muhim va bu mehnat o‘z samarasini bermoqda. Biz ishlashda davom etishimiz kerak. Mavsum hali tugagani yo‘q, bizni oldinda yana ko‘p qiziqarli paytlar kutmoqda. Keling, mavsumni birgalikda munosib yakunlaylik.
Eng muhimi — "Bavariya"ning butun dunyo bo‘ylab barcha muxlislariga ulkan rahmat. Sizlar ajoyib bo‘ldingiz. Shanba kuni "Alyants Arena"da birgalikda unutilmas lahzalarni yaratamiz" — dedi belgiyalik mutaxassis.
Myunxenliklar 10 may kuni Bundesliga 33-turidan o‘rin olgan uchrashuvda o‘z maydonida "Borussiya Menxengladbax"ni qabul qiladi.
Fikrlar