
Konor MakGregor hamda Dastin Pore kimda imkoniyat yuqori? O‘zbekistonlik yakkakurash olami vakillari javob berdi
BAAdagi “Janglar oroli”da tashkil etiladigan “UFC 257” turniriga ham oz muddat qoldi. Yangi yilning ilk oyi, ya’ni 23 yanvar (Toshkent vaqti bilan 24 yanvarga o‘tar kechasi) mazkur jang kechasi tashkil etiladi. Ma’lumki, ushbu oqshomning markaziy jangidan barcha orziqib kutayotgan Konor MakGregor hamda Dastin Pore qarama-qarshiligi o‘rin olgan. Ular avval ham to‘qnash kelgan. O‘shanda irlandiyalik “shoumen“ birinchi raundning o‘zida texnik nokaut bilan g‘alabaga erishgan edi.
Lekin bu jang ancha avval, 2014 yilda sodir bo‘lgan. Pore esa undan so‘ng, ancha o‘sishga erishdi va mukammal jangchiga aylana oldi. Demoqchimizki, bu safar Konorga oson bo‘lmaydi. Dastin Maks Xollouey, Jastin Getji, Entoni Pettis, Den Xuker kabi ajoyib jangchilarni ham mag‘lub eta oldi. Habib Nurmagomedovga ham jiddiy qarshilik ko‘rsatgandi. Xullas, juda ajoyib jang bo‘ladi.
Biz an’anamizga sodiq qolgan holda, ushbu jang yuzasidan o‘zbekistonlik yakkakurash ustalari va murabbiylarining fikrlari bilan qiziqdik.
Bekzod Abdurahmonov – erkin kurashchi
-Har ikkisi ham juda kuchli, chiroyli harakat qiladigan jangchilar. Ular uchun ushbu jang oson bo‘lmaydi. Lekin muxlislar uchun juda qiziq to‘qnashuv bo‘ladi, degan fikrdaman. Imkoniyat baribir Konorda yuqori. O‘ylaymanki, Konor MakGregor g‘alaba qozonadi.
Jahongir Qoraboev – murabbiy
- To‘g‘risi, Dastin Porega muxlislik qilaman. MakGregorni xulqi, fe’l-atvori menga ma’qul kelmaydi. Shunday bo‘lsa-da, uning bu jangdagi imkoniyati yuqori. Menimcha, Dastinning g‘alaba qozonish imkoniyati pastroq.
Bahodir Boqiev – MMA jangchisi
Albatta, Konor MakGregor juda zo‘r jangchi. Lekin hozirgi holatda Dastin Pore uni mag‘lub eta olish salohiyatiga ega. Umuman aytganda, bu jangda Pore 100 foiz g‘alaba qozonadi.
Farrux Madaminov – murabbiy
- Shubhasiz, Konor MakGregor g‘alaba qozonadi. Uning hozirgi jismoniy holati juda yaxshi. Mashg‘ulotlarga jiddiy qaramoqda. Habib Nurmagomedov unga kerakli saboqni berib qo‘ydi. Shuning uchun u har bir jangga mas’uliyat bilan yondashmoqda.
Mansur To‘g‘izboev – murabbiy va referi
- Dastin Pore g‘alaba qozonadi. Konor avvalgi Konor emas! U “shoumen”ga aylanib, biroz o‘z ustida ishlamay qo‘ygan. Poreda esa anchagina rivojlanish bor. Qolaversa, avval ham u bilan jang qilgan. Konorni yaxshilab o‘rganganligi aniq.
Nozimjon To‘ychiev – O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi Andijon bo‘limi rahbari
- Bu jangda Konor MakGregorning g‘alaba qozonish imkoniyati yaxshiroq. Lekin Pore ham shunchaki “sovg‘a” emas. U jiddiy raqib. Shunday ekan, bu jangdan faqat tomoshabinlar yutadi. Chunki, qiziqarli va shiddatli to‘qnashuv bo‘lishi aniq.
Muhammadali Toshturg‘unov – kikboksingchi
- Birinchidan, bu jangda tayyorgarlik ham katta rol o‘ynaydi. Ular o‘rtasidagi birinchi bahsda ham MakGregor katta ustunlik bilan birinchi raundning o‘zida jang taqdirini hal qilib qo‘ygan. Habib Nurmagomedov bilan janglarini solishtirsak, Konor tayyor bo‘lmagan holatda ham Porega nisbatan jiddiy qarshilik ko‘rsatgandi. Konor har qanday raqibi uchun noqulaylik tug‘dira oladi. Sababi, chapaqay, qo‘l-oyoqlari uzun va so‘nggi vaqtda kurashga ham jiddiy e’tibor qaratgan. Xullas, bu jangda Konor MakGregor g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman.
Avliyoxon Hamidov – MMA jangchisi
- Bu qarama-qarshilikda imkoniyatlarni 50/50, deya baholagan bo‘lardim. Biroq Dastin Pore g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman. Ammo har ikkisi uchun oson bo‘lmaydi.
Dilshod Mirzaev – murabbiy
- MakGregor tajribali jangchi. Shuningdek, u hech qachon kuchli zarba o‘tkazish oqibatida nokautga uchramagan. Dastin Pore ham asosan kuchli zarbasiga tayanadi. Ikki shunday uslubdagi jangchilar o‘rtasida juda chiroyli bahs bo‘ladi. Har ikkisining kurashi deyarli bir xil. Lekin greppling bo‘yicha MakGregor kuchliroq. Qolaversa, irlandiyalik jangchi o‘ziga xos stoykasi orqali masofani ham yaxshi xis qiladi. “Lou-kik”zarbalaridan ham yaxshi himoyalanadi. Qisqa qilib aytganda, imkoniyatlar 70/30 MakGregor foydasiga. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim.
O‘zbekistonlik MMA vakili ishtirok etgan turnirda ommaviy mushtlashuv yuzaga keldi (Video)
Qirg‘iziston promoushenida yana ikki nafar O‘zbekiston vakili jang qiladi
O‘zbekistonlik jangchi "AMC Fight Night 99” turnirida braziliyalik raqibini mag‘lub etdi
Fikrlar