
“Lans”dagilar “Manchester Siti” Husanovga qiziqayotganini qanday qabul qildi?
Evropa matbuoti taniqli insayder Fabritsio Romanoning insaydiga tayangan holda, “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola qishki transferlar davrida “Lans” markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovni olmoqchi ekani haqida xabar tarqatmoqda.
Bu ma’lumot ekspertlar, murabbiylar, muxlislar o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, ayrim manbalar bugungi kunda 20 yoshli o‘zbek futbolchisiga Angliya Premer-ligasining kamida etti klubi da’vogarlik qilayotgani, ular orasida “Tottenxem” va “Nyukasl” qishki transferlar oynasi vaqtida “Manchester Siti” bilan raqobatlashayotganini yozmoqda.
Hozir “Lans” boshqa klublar tomonidan “qamal”ga olingan, bu halqaga yangidan yangi xaridorlar qo‘shilib bormoqda.
Husanovning transferi haqidagi xabarlarda “Lans”ga taklif qilinayotgan summa 30 million evrodan osha boshlagani to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Ayniqsa, Angliyaning ketma-ket to‘rt karra chempion bo‘lgan yagona jamoasi – “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola o‘zbek futbolchisiga e’tibor qaratgani bu mavzu dolzarbigini yanada oshirdi.
“Lans” bosh murabbiyi Uill Still ham manchesterliklarning qiziqishi fonida Abduqodir Husanov transferi masalasiga munosabat bildirishiga to‘g‘ri keldi.
- “Lans” uchun transfer oynasi ancha jonli o‘tadigan ko‘rinadi. Jamoamiz qiziqayotgan o‘yinchilar bor, bizning futbolchilarni so‘rayotgan klublar ham bor. Bu hammasi murakkab jarayon. O‘zimizga nima kerakligini, nima qilish lozimligini bilamiz. Lekin transfer bozori endi ochildi va hali bu borada amaliy natijalar bo‘lgani yo‘q.
Abduqodir Husanovni jiddiy kuzatishyapti. Yaqinda “Manchester Siti” ustozi Xosep Gvardiola uni olmoqchiligi haqida xabarlar tarqaldi. Bu ma’lumotlarni tasdiqlay olamanmi?
Har qanday holatda ham Abduqodir Husanov ko‘pchilik uchun orzuga aylangan muhim o‘yinchi bo‘lib qolmoqda. Chunki u juda yuqori salohiyatga ega yosh o‘yinchi. Abduqodir mavsum boshidan beri yuqori saviyada o‘ynay olishini ko‘rsatib kelmoqda. Unga bo‘layotgan e’tibordan hayratda emasman.
Butun dunyo Husanovga juda katta klublardan qiziqish bo‘lishini kutayotgan edi, deb o‘ylayman. Bunday futbolchini so‘rab, murojaat qilishlari tabiiy.
Lekin shuni ta’kidlashim kerakki, Husanov transferi borasida aniq ma’lumotlarni berishim uchun avval boshqa klublarning orzu-istaklari rasmiy takliflarga ko‘chishi va bizga kelib tushishi lozim.
Futbol va transfer oynasining go‘zal jihati shundaki, bu jarayon davom etar ekan har doim qiziqarli ma’lumotlar aylanib yuraveradi, - dedi Uill Still.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 2023 yilning yozidan beri “Lans” safida o‘ynab kelmoqda. Ayniqsa, joriy mavsumda legionerimiz o‘ziga berilgan kichik imkoniyatdan unumli foydalanib, jamoaning asosiy figurasiga aylanib oldi.
Kuni kecha 20 yoshli markaziy himoyachimiz o‘tkazilgan maxsus so‘rovnomada g‘olib chiqib, “Lans”ning 2024 yildagi eng zo‘r futbolchisi, deb topildi. Abduqodir Transfermarkt portali tomonidan 12 million evroga baholanmoqda. Hamyurtimizning lansliklar bilan shartnomasi 2027 yilning 30 iyunigacha davom etishi belgilangan.
Fikrlar