
Legioner bo‘lish oson emas. O‘runov qaerda xato qilgandi?
Oston O‘runov O‘zbekistonning eng iste’dodli o‘yinchilaridan biri hisoblanadi. Biroq hujumkor futbolchining legioner sifatida ilk tajribasi omadli boshlanib, keyinchalik muvaffaqiyatsizlikka yuz tutgan.
O‘zbek va Osiyo futbolini yaxshi biladigan rossiyalik mutaxassis Aleksandr Krestinin Oston O‘runov nega uning yurtida o‘ynab keta olmaganini tushuntirib berdi.
Hozir Krestinin O‘zbekiston Superligasida ishlayapti. U Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi bosh murabbiyi hisoblanadi.
- Masalaning ichki mohiyatini bilmayman, lekin O‘runovning o‘yinlari va mutaxassislar bergan ma’lumotlarga qaraganda, Oston individual harakatlari va jamoaviy o‘yinda o‘zaro muvofiqlikni ta’minlay olmagan.
O‘runov individual jihatdan kuchli futbolchi, lekin unga jamoada o‘zini ko‘rsatishi uchun talab qilinadigan balans etishmadi.
Ostonni o‘zining o‘yin uslubini jamoaga integratsiya qilish uchun olishgan edi, biroq “Spartak”da ham, boshqa jamoalarda ham bu ish bermadi.
Buyog‘ini kuzatish kerak. Hozir Oston yaxshi chempionatga ketgan va keyinchalik nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Biroq u bo‘lib o‘tgan voqealardan xulosa chiqargani, o‘zi tushgan vaziyatni o‘ylab ko‘rgani aniq. Hali yosh, hammasi oldinda, - dedi Aleksandr Krestinin.
Oston O‘runov – “Paxtakor”ning eng iqtidorli tarbiyalanuvchilaridan hisoblanadi. Lekin professional futbolchilik faoliyatini “Navbahor”da boshlagan. Namangandagi faoliyatida o‘sishga erishgan o‘yinchi 2019 yilning yozida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasiga ko‘chib o‘tdi.
Hujumkor futbolchi poytaxtliklar safida uzoq qolmadi. 2020 yilning boshida Rossiya Premer-ligasi vakili “Ufa” uni olib ketdi.
Rossiya chempionatining ikkinchi qismidan qo‘shilgan O‘runov qisqa fursatda “Ufa”ning etakchi o‘yinchilaridan biriga aylandi. Yozda ufaliklar bosh direktori Shamil Gazizov “Spartak” rahbarlaridan biriga aylandi.
O‘runovni “Ufa”ga olib ketgan bu mutasaddi ko‘plab qiziqishlar bo‘lishiga qaramay, Ostonni endi “Spartak”ga joyladi.
Keyinchalik Gazizovning poytaxt klubi rahbarlari bilan kelisha olmay qolishi, O‘runovning ham faoliyatiga ta’sir qildi. Legionerimiz “Ufa”ga ijaraga jo‘natildi. Keyin moskvaliklar shartnomani bekor qildi.
Oston “Ural” jamoasidan qo‘nim topdi. Lekin yangi ish joyida bosh murabbiy bilan kelisha olmagani ortidan u erdan ham ketdi.
O‘runov 2023 yilning boshida faoliyatini tiklash uchun “Navbahor”ga qaytib keldi. Namanganda yana o‘z o‘yinini topdi. Natijada terma jamoaga jalb qilindi. 2024 yilning yanvarida Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogidagi sermazmun o‘yinidan keyin Ostonni “Persepolis” o‘z safiga qo‘shib oldi.
O‘runovning Erondagi ishlari yurishib ketdi. 23 yoshli futbolchimiz Eron Professional ligasida 13 ta uchrashuvda oltita gol urib, jamoasining mamlakat chempionligini qo‘lga kiritishiga katta hissa qo‘shdi.
Fikrlar