
Legionerimiz tezroq Premer-ligaga qaytmoqchi
O‘zbekiston futbol ishqibozlari Rossiya chempionatini muntazam kuzatib boradi. Bu mamlakat Premer-ligasi va birinchi ligasida doimo o‘zbekistonlik futbolchilar to‘p tepib kelishi an’anaga aylangan.
Bu mavsum yuqori divizionda ikki futbolchimiz o‘ynadi. Ibrohimxalil Yo‘ldoshev “Nijniy Novgorod” jamoasining Premer-ligadagi joyini saqlab qolishiga hissa qo‘shdi. Jamoa chempionatni 30 ochko bilan 13-o‘rinda yakunladi.
Iste’dodli himoyachimiz chempionat doirasida 28 ta uchrashuvda maydonga tushib, “Sochi” va “Ural” darvozalariga bittadan to‘p kiritdi va jamoadoshlariga bitta golli pas uzatdi. Bundan tashqari, 22 yoshli o‘yinchimiz Rossiya kubogida oltita bahsda qatnashib, bitta assist qayd etdi.
Hujumkor futbolchimiz Hojimat Erkinovning omadi chopmadi. Moskvaning “Torpedo” jamoasi debyut mavsumida yuqori divizion uchun kuchsizlik qildi. Poytaxtliklar atigi 13 ochko bilan so‘nggi pog‘onada qolib ketdi va kelasi yili birinchi ligada o‘ynaydigan bo‘ldi.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Hojimat legioner sifatidagi birinchi mavsumida chempionatda 20 marta maydonga tushdi va o‘z hisobiga bitta golli pas yozdirib qo‘ydi. Shuningdek, kubok uchrashuvida to‘rt marotaba o‘ynadi.
Erkinov “RB Sport” nashriga bergan intervyusida jamoasining kelasi mavsumdagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Torpedo” kelasi mavsum Rossiya Premer-ligasiga qaytishga qodir. Bu ish qo‘limizdan keladi, deb o‘ylayman.
Men birinchi liganing darajasini bilmayman. Chunki hech qachon u ligada o‘ynamaganman. Lekin Premer-ligadan nimasi bilandir farq qilsa kerak, degan fikrim bor.
Bir mavsumda yana Premer-ligaga qaytish uchun qo‘limizdan kelganini qilishga urinib ko‘ramiz. Bu ham biz uchun qiziq chorlov bo‘ladi, - dedi Hojimat Erkinov.
Ta’kidlash joizki, kelasi mavsum Rossiya Premer-ligasida o‘ynaydigan futbolchilarimiz soni oshishi kutilmoqda. “Nijniy Novgorod”dagi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev safiga Rustam Ashurmatov va Umarali Rahmonaliev qo‘shiladi.
Bu futbolchilar o‘ynayotgan “Rubin” jamoasi birinchi liga bellashuvlarida g‘olib chiqib, to‘g‘ridan to‘g‘ri yuqori divizionga yo‘llanma oldi.
Markaziy yarim himoyachi hisoblangan 19 yoshli Umarali Rahmonaliev yanvar oyida “Bunyodkor”dan “Rubin”ga o‘tdi. U qozonliklar bilan shartnoma imzolaganidan keyin to‘rt marotaba maydonga tushdi.
Tajribali himoyachi Rustam Ashurmatov “Navbahor”ni erkin agent sifatida tark etib, “Rubin” safiga qo‘shildi. Rossiyadagi debyut mavsumida 26 yoshli futbolchimiz beshta bahsda qatnashib, bitta gol urishga ham erishdi.
Har ikki futbolchimizning qozonliklar bilan shartnomasi 2026 yilning 30 iyunigacha tuzilgan.
Shomurodov keyingi mavsumni qaerda boshlaydi?
Ronaldu Masharipovga nimalarni o‘rgatdi?
Bu terma jamoada Shomurodov yo‘q!
Bahaybat futbolchi tezlikda Shomurodovga etib oldi
Shomurodov va Nzola "Milan"ga qarshi jasorat ko‘rsatishi kerak!
Fikrlar