
Legionerlarimiz premer-liga sari yurishni boshlaydi!
Bugun Rossiya Milliy futbol ligasining yangi mavsumi start olmoqda. Unda kuchli jamoalar kelasi yili premer-ligada ishtirok etish huquqi uchun kurashadi.
Yangi mavsumda ushbu musobaqada jami 20 ta jamoa o‘zaro raqobatlashadi.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari “Baltika” va “ Nefteximik” jamoalari o‘yinini alohida e’tibor bilan kuzatishi shubhasiz. Chunki, Vitaliy Denisov kaliningradliklar sharafini himoya qilsa, Vagiz Galiulin nijnekamskliklar sardori hisoblanadi.
O‘zbekistonlik legionerlar o‘ynaydigan har ikki klub oldiga premer-liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi yuklangan.
Bundan tashqari, hamyurtlarimiz “Spartak-2” jamoasi o‘yinlarini ham kuzatib borishiga to‘g‘ri keladi. Asosiy jamoaga kiritilmagan Oston O‘runov mavsumni katta ehtimol bilan moskvaliklarning ikkinchisi jamoasi tarkibida boshlaydi.
Asli “Spartak” rahbariyati yaxshigina maosh oladigan o‘zbek futbolchisini sotib yuborish yoki ijaraga berishni rejalashtirmoqda. Biroq, klub oxirgi yarim yil ichida futbolchimizni to‘liq transfer qilishni istagan “Rubin” va “Ufa” jamoalari bilan transfer summasi va to‘lov muddati bo‘yicha kelisha olmadi.
Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, hozir Oston O‘runov xizmatlariga qiziqayotgan birorta jamoa qolmadi. Avvalroq, Vengriyaning mashhur klubi “Ferentsvarosh” o‘zbek yarim himoyachisiga taklif bilan chiqqan edi, biroq O‘runovga ular va’da qilgan maosh to‘g‘ri kelmagani ortidan futbolchi rad javobini bergani haqida xabarlar tarqaldi. Xullas, vaziyat o‘zgarmasa. Oston O‘runov ham Milliy futbol ligasida javlon uradi. Lekin uning klubi premer-liga uchun kurashmaydi. Jamoaning asosiy maqsadi birinchi jamoaga sifatli futbolchilarni tayyorlab berish xolos.
Endi Galiulin va Denisov haqida.
Galiulin o‘tgan mavsumda “Nefteximik”ning haqiqiy etakchisi ekanini ko‘rsata oldi. Tajribali yarim himoyachimiz jami 31 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini to‘rt marta ishg‘ol qildi. U gol urgan uchrashuvlarda jamoasi ochko yo‘qotgani yo‘q. Uning aniq zarbalari evaziga “Nefteximik” futbolchilari “Enisey”ni 2:0, “Krasnodar-2”ni 5:0, “Dinamo-Bryansk”ni 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Jamoa tarkibidagi yana bir futbolchimiz Bobur Davlatov 15 ta uchrashuvda qatnashib, bitta golli pas muallifi bo‘ldi. Lekin mavsum yakunlangach, bu yarim himoyachi yurtimizga qaytib keldi.
Vitaliy Denisov o‘tgan yili “Tom” sharafini himoya qildi. Aniqrog‘i, omadsiz startdan so‘ng, tomskliklar erkin agent sifatida ishsiz yurgan tajribali himoyachini yordamga chaqirdi. O‘zbekistonlik legioner jamoa himoyasini sezilarli darajada kuchaytirganiga qaramay, “Tom” xavfli hududda qolib ketdi. Denisov yakunlangan mavsumda 23ta uchrashuv o‘tkazdi. Yana erkin agentga aylangan futbolchimizni “Baltika” o‘z tarkibiga qo‘shib oldi va 1+1 tizimida shartnoma imzoladi.
Xullas, bugun boshlanagan yangi mavsumda “Baltika” ilk uchrashuvini safarda “Fakel” futbolchilariga qarshi o‘tkazadi.
“Nefteximik” esa o‘z maydonida quyi ligadan chiqqan “Olimp-Dolgoprudniy” jamoasini qabul qiladi.
“Spartak-2” futbolchilari “Krasnodar-2” bilan kuch sinashadi. Muxlislarimiz e’tiboridagi bu uch uchrashuv Toshkent vaqti bilan 20:00da boshlanadi.
Qolgan uchrashuvlarda quyidagi jamoalar o‘zaro raqobatlashadi:
“Akron” – “SKA-Xabarovsk”
“Orenburg” – “Volgar”
“KAMAZ” – “Alaniya”
“Kuban” – “Torpedo”
“Veles” – “Enisey”
“Rotor” – №Tekstilshik”
“Metallurg” – “Tom” .
Natijalarni sports.uz sayti orqali kuzatib boring.
Legionerimiz: Bu zo‘r jamoa ekan!
Abramov ishonch bildirmagan to‘purar legionerimizni Evropaga sotishmoqchi!
Shomurodov mutaxassislar fikrini o‘zgartirdi!
Fikrlar