
"Metallurg" yig‘inni Toshkentda boshlaydi
Mamlakat milliy chempionatining yangi mavsumiga ilk tayyorgarlik jarayonini Bekobodning “Metallurg” jamoasi Toshkentda boshlaydigan bo‘ldi. Futbolchilar va murabbiylar shtabi 11 yanvar sanasida poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasida to‘planishadi. Mashg‘ulotlar tabiiy qoplamali maydonlarda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. O‘z navbatida yig‘in davomida bir qator nazorat uchrashuvlarini o‘tkazish borasida sparring- raqiblar bilan muzokaralar ham olib borilyapti.
O‘tgan mavsum kashfiyoti bo‘lgan “Metallurg” U-21 jamoasining yig‘ini esa 21 yanvar sanasiga mo‘ljallangan. Bu yil yoshlar tarkibi keskin yoshartirilishi kutilmoqda. Asosiy e’tibor 2003-2004 yillarda tug‘ilgan yigitlarga qaratiladi. Mashg‘ulotlar esa Bekobod shahridagi “Metallurg” stadioni va futbol akademiyasining sun’iy qoplamali maydonlarida olib boriladi.
Yoshlar jamoasidan tashqari asosiy tarkibda ham bir qator o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Klub bilan shartnoma muddati tugagan ayrim futbolchilarga ruxsat beriladi. O‘z navbatida barcha chiziqlarni kuchaytirish maqsadida yangi o‘yinchilarni jamoaga taklif etish borasida ham selektsiya ishlari olib borilmoqda. Bu boradagi yangiliklar to‘g‘risida tez orada qo‘shimcha ma’lumot beramiz.
“Metallurg” matbuot xizmati.
Fikrlar