
Mourinoga xushxabar yoxud Shomurodov ziyofatga bormaydi!
“Roma” rahbariyati “Atalanta”ga qarshi uchrashuv oldidan klub uchun an’ana hisoblangan Rojdestvo ziyofatini bekor qildi.
Gazzetta dello Sport nashrining ma’lum qilishicha, bu an’anadan voz kechilishiga Mourino jamoasi qayd etayotgan natijalar emas, balki koronavirusning yangi turi – “omikron” shtammi tez tarqalayotgani sabab bo‘lgan.
“Roma” 2021 yilni yaxshi kayfiyatda yakunlamoqchi va shu bois, “Atalanta” bilan bo‘ladigan o‘yinda ijobiy natija qayd etishga harakat qiladi. Har bir futbolchi safda bo‘lishi uchun ularning boshqalar bilan muloqotini cheklashga qaror qilindi.
“Bo‘rilar” yangi yilgacha “Atalanta” va “Sampdoriya” bilan kuch sinashishi lozim.
Mourinoga xushxabar
“Roma”ning eng iste’dodli futbolchisi Nikolo Dzanolo jarohatidan qutilib, umumiy guruh mashg‘ulotlariga qo‘shildi. Ayni paytda etakchi o‘yinchilardan bir nechtasi jarohatlangani bois Joze Mourino oldindagi muhim uchrashuvlar uchun tarkibni shakllashtirishda muammoga duch kelmoqda.
22 yoshli hujumkor futbolchi Konferentsiyalar ligasi doirasida TsSKAga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda zaxiradan o‘yinga tushib, bir necha daqiqadan keyin shikastlangan va maydonni erta tark etgandi.
Sky Sport Italia nashrining xabar berishicha, klub tibbiyot shtabi Dzanologa to‘liq kuch bilan mashg‘ulotlarda qatnashish uchun ruxsat bergan.
Dzanolo joriy mavsumda jami 20 ta uchrashuvda qatnashib, bir juft gol urdi va jamoadoshlariga uchta golli pas uzatdi.
“Atalanta”ning nozik joyini topamiz!
“Roma” himoyachisi Matias Vina “Atalanta”ga qarshi bo‘ladigan bellashuvda ijobiy natija qayd etilishini kutmoqda.
- Hozir mavsumning eng muhim pallasi. Bergamodagi o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish kerak. Biz doim g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Har bir bahsga maksimal darajada tayyorlanamiz.
“Atalanta”ning nozik joyini topishimiz kerak. Bu jiddiy raqib, lekin har qanday jamoaning zaif nuqtasi bo‘ladi.
O‘zimni yaxshi his qilyapman. Bunaqa tig‘iz grafik baribir ta’sir qiladi, charchoq alomatlari ham sezilyapti. Shunga qaramay, holatimiz ancha yaxshi, - dedi 24 yoshli himoyachi.
“Roma” futbolchisi ikki jamoadan birini tanlashi kerak
Rim klubi bosh murabbiyi Joze Mourino oldindagi transferlar jarayonida bir qator o‘zgarishlar bo‘lishini anchadan beri aytib keladi.
Portugaliyalik mutaxassis uning rejalariga kirmagan o‘yinchilarni boshqa jamoaga o‘tishini va ularning o‘rniga “Roma”ni haqiqatan kuchaytira oladigan ijrochilar kelishini istayapti. Mourinoning transfer siyosatini klub rahbariyati ham to‘liq qo‘llab-quvvatlayapti.
“Roma”ni tark etishi kerak bo‘lganlardan biri yarim himoyachi Amadu Diavardir. Gvineyalik futbolchi yanvarda o‘ziga yangi jamoa topishi kerak.
24 yoshli o‘yinchiga hozircha ikkita jamoa e’tibor qaratgan. “Roma”ning asosiy tarkibiga kira olmayotgan futbolchi Frantsiya chempionati vakili “Marsel” yoki Germaniya Bundesligasida ishtirok etayotgan “Ayntraxt”ni tanlashi mumkin.
Diavara joriy mavsumda A Seriyada to‘rt marotaba maydonga tushib, o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q.
Fikrlar