"Navbahor" "Nasaf"ni jiddiy o‘rganyapti! Bo‘lajak raqibiga muxlislik qiladimi? Kubokdagi mag‘lubiyat qanchalik ta’sir ko‘rsatdi? Klub etakchisi qanday fikrda?

  • 24 avgust, 2021, 19:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Nasaf” OFK Kubogi doirasida Turkmanistonning “Ahal” klubini qabul qiladi. Bo‘lajak uchrashuvga e’tibor va qiziqish katta. Shuningdek, mazkur bahs “Navbahor” uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Boisi, namanganliklar chempionatning navbatdagi turida Qarshida “Nasaf” bilan bellashadi. Shuning uchun “Navbahor” jamoasi qarshiliklarning OFK Kubogidagi o‘yinini sinchkovlik bilan kuzatadilar. Shubhasiz, “Nasaf” – “Navbahor” to‘qnashuvi markaziy uchrashuv maqomida bo‘ladi.

Ko‘rib turganingizdek, Ro‘ziqul Berdiev jamoasini birin-ketin og‘ir o‘yinlar kutyapti. O‘z navbatida “Navbahor”da ham shunday. Chunki ular o‘tgan o‘yinda “Bunyodkor”ga yutqazib O‘zbekiston Kubogi bahslaridan chiqib ketdi. Endi bor e’tibor Superliga uchrashuvlariga qaratiladi. Jamoa yana yutqazsa, muxlislarning xazm qilishi ham qiyin kechadi.

Qolaversa, “Navbahor”ning turnir jadvalidagi mavqeiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Namanganliklar Qarshidagi uchrashuvga o‘ta jiddiy qaramoqdalar. Shu maqsadda Sports.uz muxbiri “Navbahor” etakchilaridan biri Davron Hoshimovga yuqoridagi masalalardan kelib chiqqan holda bir qator savollar bilan murojaat qildi.

- “Nasaf” klubini OFK Kubogi doirasida “Ahal”ga qarshi muhim o‘yin kutyapti. Ushbu uchrashuvga qanchalik qiziqyapsiz?

- Bu xalqaro miqyosidagi o‘yin. Maydonda O‘zbekiston jamoasi o‘ynaydi, albatta unga muxlislik qilamiz. “Ahal”ga qarshi uchrashuvda “Nasaf”ga omad tilaymiz. Bu jamoaning yaxshi o‘yinlar ko‘rsatishini tilakdoshimiz.

- Bu uchrashuvni tomosha qilmoqchimisiz? Bellashuvdan nima kutyapsiz?

- Bizning keyingi raqibimiz – “Nasaf”ku! Shu boisdan albatta ularni kuzatamiz. Bo‘lajak raqibimizning qaysi jihatlari kuchli va qaysi jihatlari kuchsizligini ko‘rib, tahlil qilib chiqamiz.

davron2

- Demak, bu o‘yin “Navbahor”ga qo‘l keladi-a?

- Ha, qo‘l keladi. Shuning uchun “Nasaf”ning o‘yinini diqqat bilan kuzatamiz.

- “Nasaf” OFK Kubogida 10 yil oldin g‘olib chiqqan. Bu safar ham ikkinchi marotaba musobaqada muvaffaqiyat qozonishiga salohiyati etarlimi yoki...

- “Nasaf” jamoasi OFK Kubogi musobaqasiga bekorga qo‘shilgani yo‘q. Klub bu borada o‘z oldiga maqsad qo‘ygan. Ya’ni, Kubokni yana qo‘lga kiritish rejasini tuzib chiqishgan. Ko‘z tegmasin, “Nasaf” OFK Kubogida yaxshi ishtirok etyapti. Shu sababli ushbu jamoada g‘olib chiqish uchun imkoniyat bor.

- “Nasaf”ning asosiy kuchi nimada deb o‘ylaysiz? “Navbahor” 29 avgust kuni bo‘ladigan o‘yinda e’tiborni nimaga qaratishi kerak? Har xolda siz ham “Nasaf”ga qarshi ko‘p marotaba o‘ynagansiz...

- “Nasaf” hujumkor jamoa. Tabiiyki, ular hujumga ko‘proq e’tibor beradi. Oldingi chizig‘i yaxshi. O‘yin chog‘ida “Nasaf” tezkor hujumlarga o‘tib ketishi mumkin. Jamoa shunga tayanib o‘ynaydi.

davron3

- Raqibni qanday o‘rganasizlar? Masalan, umumiy ko‘rinishdami? Aytaylik, siz himoyachi sifatida raqib jamoaning hujum chizig‘idagi futbolchilarini alohida o‘rganasizmi?

- Jamoaning umumiy o‘yinini o‘rganib chiqamiz. Keyin har bir pozitsiyasini ham ko‘rib, tahlil qilamiz.

- O‘zbekiston Kubogida “Bunyodkor”ga yutqazgandan so‘ng, “Navbahor”ning kayfiyati qanday?

- Unchalik tushkun darajada emas. Yaxshi ishtiyoq bilan navbatdagi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

- Baribir Toshkentdagi mag‘lubiyatning ta’siri sezilyaptimi?

- Yo‘q, unchalik emas. Mag‘lubiyatni tezroq unutishimiz va bo‘lajak bahslarga jiddiy tayyorlanishimiz muhim.

davron1

- “Navbahor”ning “Bunyodkor”ga qarshi o‘yinini ko‘rdik, jamoa yaxshi taassurot qoldirdi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda tashabbusga ega bo‘ldi. Yaxshi o‘yin namoyish etib, mag‘lub bo‘lish alamli bo‘lsa kerak?! O‘shanda jamoaga nima etishmadi?

- Bizga biroz muvozanat etishmadi. To‘g‘risi, Kubok bahslariga jiddiy bel bog‘lagandik. Aniq maqsad qo‘yilgandi. Bizga Kubok kerak edi. Mayli, endi chempionat bahslarida g‘alabali o‘yinlar ko‘rsatib, yuqoriroq o‘rinlardan birini egallamoqchimiz, qo‘ldan kelganicha.

- Buning uchun jamoa Qarshida “Nasaf”ni mag‘lub etishi talab etiladi. Siz bo‘lajak bellashuvda “Navbahor”ning g‘alaba qozonishiga qanchalik ishonyapsiz?

- Xudo xohlasa, bor kuchimizni beramiz va g‘alaba qozonishimizga ishonamiz. “Nasaf”ning OFK Kubogidagi o‘yinini ko‘rib chiqib, tahlil qilingach, shunga qarab reja tuziladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!