
“Navbahor” yana 2 nafar futbolchi bilan shartnoma imzoladi
Yangi mavsumga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘rayotgan Namanganning “Navbahor” klubi o‘z tarkibini kuchaytirishda davom etmoqda. Kuni kecha tajribali hujumchi Aziz Ibragimov va Namangan futboli tarbiyalanuvchisi bo‘lgan mahoratli forvard Ilhom Aliboev jamoa bilan shartnoma imzolashdi. Mazkur futbolchilar yangi mavsumni “lochinlar” tarkibida o‘tkazishadi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Aziz Ibragimov 1986 yil 21 iyulda Toshkentda tug‘ilgan. Faoliyati davomida mamlakatimizning “Traktor” (Toshkent), “Sho‘rtan” (G‘uzor), “Andijon” (Andijon), “Dinamo” (Samarqand), “Buxoro” (Buxoro), Slovakiyaning “Slovan” (Bratislava), Chexiyaning “Bogemians-1905”, “Banik”, “Bogemians”, Xitoyning “Chindao Chjunnen”, Eronning “Mashin Sizi”, Latviyaning “Spartak” (Yurmala) klublarida to‘p tepgan. Mazkur futbolchi o‘tgan mavsumni “Buxoro” jamoasida o‘tkazgan.
Shuningdek, u 2007–2011 yillarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida 17 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urgan.
24 yoshli hujumchi Ilhom Aliboev esa o‘tgan mavsumda Farg‘onaning “Iftixor” jamoasida to‘p tepgan.
Fikrlar