
“Navbahor” yig‘iniga Rossiya va Ukrainadan futbolchilar kelib qo‘shildi
Namanganning “Navbahor” jamoasi ixtiyoriga kecha yana ikki nafar xorijlik futbolchilar qo‘shilishdi. Yarim himoya chizig‘ida to‘p suradigan mazkur futbolchilarning biri rossiyalik Bunyamudin Mustafoev bo‘lsa, ikkinchisi ukrainalik Dmitriy Skoblov. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Mustafoev 1992 yil, 7 sentyabrda tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyati davomida Rossiyaning “Kuban” (Krasnodar), “Torpedo” (Armavir), “Chernomorets” (Novorossiysk), “Fakel” (Voronej), “Armavir” (Armavir) klublarida o‘ynagan. O‘tgan mavsumda “Mashuk” (Pyatigorsk) jamoasida to‘p surgan.
Dmitriy Skoblov esa 1989 yil 30 noyabrda tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyati davomida Ukrainaning “Ilichevets” (Mariupol), “Shaxtyor-3” (Donetsk), “Bukovina” (Chernovtsi), “Gelios” (Xarkov), “Volin” (Lutsk), “Avangard” (Kramatorks) klublarida o‘ynagan. O‘tgan mavsumni esa “Kremen” (Kremenchuk) jamoasida o‘tkazgan.
Ushbu futbolchilar “lochinlar”ning bugungi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etishdi.
Shu tariqa, “Navbahor”da ko‘rikdan o‘tishga kelgan legionerlarning soni 10 nafarga etdi.
Shuningdek, yana bir qator xorijlik futbolchilarning Namanganga tashriflari kutilmoqda.
Fikrlar