Nomzodlar turniri – 2026: Sindarov karvonboshilik qilmoqda
Joriy yilning, 28 mart – 16 aprel kunlari Kiprning Pafhos shahrida “Jahon toji” uchun FIDE Candidates Tournament 2026 nufuzli xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
Turnirda O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan iqtidorli shaxmatchi Javohir Sindarov (reyting 2745) yuqori saviyada ishtirok etib, chempionlik uchun kurash olib bormoqda.
Turnir g‘olibi amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuga qarshi jahon toji uchun rasmiy match o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritadi.
1 aprel kuni o‘tkazilgan 4-tur bahslari turnir jadvalida muhim burilish yasadi. Ushbu turda Javohir Sindarov AQSh vakili Fabiano Saruanani 1:0 hisobida mag‘lub etib, musobaqa peshqadimiga aylandi.
4-turdan so‘ng natijalar quyidagicha:
1-o‘rin – Javohir Sindarov – 3,5 ochko
2-o‘rin – Fabiano Saruana – 2,5 ochko
3–5-o‘rinlar – Anish Giri, Rameshbabu Praggnanandhaa, Matthias Bluebaum – 2 ochkodan
6–7-o‘rinlar – Hikaru Nakamura, Wei Yi – 1,5 ochkodan
8-o‘rin – Andrey Esipenko – 1 ochko
Navbatdagi 5-turda Javohir Sindarov qora donalarda Hikaru Nakamuraga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv bugun, 3 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:30 da boshlanishi rejalashtirilgan.

Fikrlar