O‘zbekiston va Ozarbayjonda futbol bo‘yicha "JCH-2027"ning ilk ishtirokchilari aniqlandi
2027 yildgi yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati (U-20)da ishtirok etadigan ilk terma jamoalar nomi maʼlum boʻldi. Musobaqaga mezbonlik qilish huquqi Oʻzbekiston va Ozarbayjonga berilgan.
Uelsda oʻtkazilgan 19 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi 2026 yildgi Yevropa chempionati yakunlariga koʻra, jahon chempionatiga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanma olgan toʻrtta jamoa aniqlandi. Ular — Ispaniya, Germaniya, Ukraina va Xorvatiya yoshlar terma jamoalari.
Bu jamoalar "Yevro-2026" yarim finaligacha yetib kelgani uchun avtomatik ravishda jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.
Yarim finalda Ispaniya Xorvatiya darvozasiga javobsiz uchta gol urdi — 3:0. Germaniya esa Ukraina ustidan 2:1 hisob bilan gʻalaba qozondi. Yevropa chempioni 11 iyul kuni boʻlib oʻtadigan finalda — ispanlar va nemislar oʻrtasidagi bahsda aniqlanadi.
Shu tariqa, hozircha 2027 yildgi jahon chempionatida ishtirok etuvchi olti terma jamoa maʼlum. Turnir mezbonlari — Oʻzbekiston va Ozarbayjon yoshlar terma jamoalari, shuningdek, Ispaniya, Germaniya, Ukraina va Xorvatiya U-20 jamoalari dunyoning eng kuchli yoshlar jamoalari qatorida maydonga tushadi.
U-20 yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati 2027 yili Oʻzbekiston va Ozarbayjonda oʻtkaziladi va tarixiy musobaqa sifatida qayd etiladi. Chunki FIFA ilk bor turnir mezbonligini turli futbol konfederatsiyalariga mansub ikki davlatga — Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFK) va Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) vakillariga bir vaqtning oʻzida topshirmoqda. Final bosqichida jami 24 ta terma jamoa ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Fikrlar