
Odil Ahmedov: Xitoy xalqi qat’iy tartib-intizom samarasida koronavirusni engdi. Biz ham shu yo‘l bilan yana normal hayotga qaytamiz
Shu kunlari Xitoyda bo‘lib turgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori, Shanxayning «Shanxay SIPG» klubi futbolchisi Odil Ahmedov «Dunyo» axborot agentligiga bergan intervyusida mamlakatimizda koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan qat’iy chora-tadbirlar yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.
“Assalomu aleykum, aziz vatandoshlar, qadrdonlar. Umid qilamanki, hozir barchangiz sabr bilan, zerikmay uyda o‘tiribsiz, - dedi mashhur futbolchi. - Ayni paytda butun dunyoni egallab olgan koronavirus, afsuski, bizning O‘zbekistonga ham kirib keldi. Shu munosabat bilan ijtimoy tarmoqlarda ushbu mavzuda juda ko‘p videolavhalarga ko‘zimiz tushayapti. Ayrimlarning bu holatga bo‘ysungusi yo‘q, ba’zilar esa maskasiz yurishni o‘zi uchun jasorat, deb bilayapti. Mening fikrimcha hozirgi paytda uyda qolish va oilamiz bilan birga bo‘lish eng katta jasorat hisoblanadi. Chunki uyda qolish virusni yo‘qotishning yang samarali yo‘llaridan biridir. Shu sababdan siz vatandoshlarimdan, O‘zbekiston xalqidan uyda qolib, karantin qoidalariga rioya qilishingizni so‘rayman.
Odil Ahmedov Xitoydan O‘zbekistonga moddiy yordam yubordi (Foto)
Kelinglar, barchamiz birlashib, ahil bo‘lib, davlatimiz rahbariyati tomonidan belgilangan tartiblarga amal qilaylik. Davlat organlari xodimlarining ishlarini qadrlaylik. Virus tarqalgandan buyon uyga borolmayotgan shifokorlarimizning ishlarini qadrlaylik.
Xudo xohlasa, biz, albatta, koronavirus ustidan g‘alaba qozonamiz!
Xitoy xalqi qat’iy tartib-intizom samarasida koronavirusni engdi. Bizning mamlakatimizda ham tartib-intizom birinchi o‘rinda tursa, Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan belgilanayotgan qarorlarga barcha bo‘ysunsa, albatta, bu sinovlardan yaqin kunlardan o‘tib, yana normal hayotga qaytamiz”.
Eslatib o‘tamiz, bundan bir necha kun avval Odil Ahmedov koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish doirasida mamlakat tibbiyot muassasalariga insonparvarlik yordami yuborgani haqida xabar bergan edik.
Ma’lumot berilishicha, «Shanxay SIPG» futbol klubi a’zosi O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi va Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi yordamida O‘zbekistonga tibbiy kombinezonlar, himoya ko‘zoynaklari va shlemlar yuborgan.
Fikrlar